Samarqand temiryo‘l vokzalida yurtimizdagi birinchi turizm bekati ish boshladi
2020 yil 9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda turistik maskanlar va infratuzilma ob’yektlarini ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan edi. Bu borada mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgandi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib hamda sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand viloyati va shahar hokimligi, viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan Samarqand temiryo‘l vokzali hududida turizm bekati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“Shaxrizada Sam Star tur” turistik firmasi tomonidan tashkil qilingan turizm bekatida mehmonlarga tegishli litsenziyaga ega sayyohlik firmalarining transport vositalari, malakali gid-tarjimonlar, shuningdek mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalari bo‘yicha bepul ma’lumot beriladi. Sayyohlar transport vositalariga, gid-tarjimonlarga, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalariga shu yerning o‘zida bevosita buyurtma berishlari, ulardan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, bekatda to‘lovlarni amalga oshirish uchun paynet xizmatidan foydalanish, maxsus SIM-kartalarni olish imkoniyatlari mavjud.
Bekatning ochilish marosimida ishtirok etgan Respublika Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan pandemiya sharoitida ham turizm yo‘nalishidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan dunyo miqyosidagi ikki davlatdan biri O‘zbekiston ekanligi e’tirof etilayotganligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari 2023 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Jahon sayyohlik tashkilotining Bosh assambleyasi Samarqandda tashkil qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
– Bu ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizning boshlanishi va Samarqand shahrida yana ikkita turistik bekat tashkil qilinadi, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori D.Narziqulov. - Birinchi turistik bekat asosan xorijiy sayyohlar hamda respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan turistik bekat Amir Temur maqbarasi atrofida joylashadi. Uchinchi turistik bekat esa Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida hududida bo‘ladi. Ayni paytda ushbu bekatlarni tashkil qilish bo‘yicha talabgorlarning takliflari o‘rganilmoqda.
Birinchi turistik bekatda ayni paytda sayyohlarga sayyohlik firmalari, yo‘nalishlar, mehmonxonalar, restoran va ovqatlanish shoxobchalari haqida o‘zbek, rus, ingliz va yapon tillarida ma’lumotlar beriladi.
– Maqsadimiz sayyohlarga qulaylik yaratish, xizmat sifatini oshirishdan iborat, – deydi turistik bekat mas’uli Obid Hakimov. – Bekatda sayyohlarga samarali sayohat tashkil etishda ko‘maklashish maqsadida to‘rt yo‘nalish taklif qilinmoqda. Birinchi yo‘nalish ziyorat turizmi, ikkinchisi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar, uchinchisi ekoturizm, agroturizm, tog‘ turizmi va shu kabilardan iborat bo‘lsa, to‘rtinchisi milliy taomlar va hunarmandchilik markazlariga o‘tkaziladigan sayohatlarni o‘z ichiga oladi. Bundagi asosiy vazifa sayyohlarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun turistik yo‘nalishlar bo‘yicha info-tur tashkil qilindi.