Samarqand tibbiyoti tarixida ilk bor: Yuzlab yo‘qotishlarning oldi olinadi!

Samarqand tarixida ilk bor insonning eng nozik, eng muhim va ma’joziy tarzda aytadigan bo‘lsak, hayotimiz davomidagi g‘amu tashvishlar, quvonchlarni o‘z prizmasidan o‘tkazib, kerak bo‘lsa g‘amlarni yutib, organizmni hayot bilan ta’minlab turuvchi a’zo – yurak operatsiyasi o‘tkazilmoqda. Yaqindan boshlab yo‘lga qo‘yilgan bu amaliyot oson kechgani yo‘q. Tahlillar, o‘rganishlar, muammo yechimi dasturga kiritilishiga qadar bo‘lgan jarayon, byudjetdan mablag‘ ajratilishi, viloyat rahbaridan tortib, soha mutasaddilarining sa’y-harakatlarigacha mujassam bunda.

Samarqand viloyat kardiologiya dispanserida o‘tgan yilning so‘nggida bo‘lib o‘tgan yirik o‘zgarishlar, yangiliklar haqida xabar bergandik. Ushbu o‘zgarishlar faqat yurakda operatsiya o‘tkazish emas, balki yurak bilan bog‘liq turli xastaliklarni davolashga ham bog‘liq.

O‘lim ko‘rsatkichi 63 foiz… edi

Keyingi yillarda yurak qon-tomir xastaliklari nafaqat mamlakat, balki dunyo miqyosida oshib borayotgani sir emas. O‘tgan yillar davomida operatsiyani o‘tkazish uchun aholining qancha qismi poytaxtga, cho‘ntagi ko‘taradiganlar xorijga borishga majbur bo‘lardi. Umuman, yurakni davolash har doim, hamma uchun ham oson kechmagan. Keling, ushbu ko‘lamni yanayam yaxshiroq ifodalash uchun ba’zi raqamlarga murojaat qilsak.

2018 yilda Samarqand viloyati bo‘yicha aholi orasida yurak qon-tomir tizimi kasalliklari 210 mingdan ziyodni (kasalliklarning 8,2 foizi) tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 226 mingdan oshdi (8,5 foiz). Ushbu xastalik bilan birlamchi kasallanish 2018 yilda 56 ming bo‘lsa, 2019 yilda 8,9 foizga oshgan. Yurak qon-tomir xastaliklari  oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichi  umumiy o‘limning 63 foizini tashkil etadi va bu ko‘rsatkich oxirgi 3 yilda 4,9 foizga oshgan. 50 ming nafar bemor yurak ishemik kasalligi bilan dispanser nazoratiga olingan. Ularning 8 mingdan ortig‘i yuqori texnologik zamonaviy jarrohlik davolash usullariga muhtoj. Har yili 100 dan ortiq bemor o‘tkir miokard infarktini o‘tkazadi, o‘lim ko‘rsatkichi 10 foizni tashkil qiladi. Birinchi sutkada  koronaroangiografiya va teriosti koronar davolash usullari qo‘llanilishi o‘lim, nogironlik kamayishi, hayot sifatini ko‘tarishga olib keladi.

Angiograf, IVL, kardiomonitorlar, defibrillyator…

Aynan shu davolash usullari uchun zarur bo‘lgan tibbiyot uskunalari keltirilishi barobarida uni ishlata oladigan mutaxassislarning ham jalb etilishi, yangi bino qurilishi bemorlarning to‘liq davolanishlarida muhim omil sanaladi.

- Tabiiyki, ushbu sohada barcha yangilik mablag‘ bilan bog‘liq, - deydi viloyat kardiologiya dispanseri bosh shifokori Maqsud Saidov. - Viloyatda yurak qon-tomir tizimi kasalliklari ko‘payishining oldini olish maqsadida investitsiya dasturi asosida  11,6 milliard so‘m hamda mahalliy byudjet hisobidan 300 million so‘m ajratilib, qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Natijada mazkur dispanser 100 qatnovli poliklinika va 220 o‘rinli barcha qulayliklarga ega bo‘lgan statsionar davolash markaziga aylantirildi. Buning natijasida 70 ga yaqin yangi ish o‘rinlari  yaratiladi. Markazda aholi uchun eng zarur bo‘lgan angiografiya va endovaskulyar xirurgiya hamda kardioxirurgiya bo‘limlari ishga tushirildi.

Endilikda mazkur markazda koronarografiya, yurak ritmning murakkab buzilishini jarrohlik yo‘li bilan tiklash hamda ochiq yurak sharoitidagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu kunga qadar markazda 20 ga yaqin operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bundan tashqari, mazkur markaz keyingi ikki oy davomida sun’iy yurak qon aylantirish, angiograf, IVL, kardiomonitorlar,  defibrillyator, ultra tovushli tekshiruv va rentgen kabi zamonaviy apparatlar hamda eng so‘nggi kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi. Xorijda malaka oshirgan kardiolog, endovaskulyar xirurg, aritmolog, perfuziolog, kardioreanimatolog, qon-tomir xirurgi kabi mutaxassislardan iborat 8 nafar shifokor ishga qabul qilindi.

Bemorning oyog‘i asrab qolindi!

Maqola tayyorlash maqsadida shifoxonaga borganimizda bu yerda Moskvadan kelgan shifokor ishtirokida murakkab operatsiya amalga oshirilayotgan ekan.

- Ayni paytda dispanserda tibbiyot fanlari doktori, Moskva shahridagi 15-klinikada bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritayotgan Shuhrat Jo‘raqulov tomonidan qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda uchraydigan diabetik tovon nomli xastalikni davolash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda, - deydi kardiojarroh Ikrom Mallayev. -  Ushbu jarrohlik ham Samarqandda ilk bor amalga oshirilayotgan bo‘lib, inson oyog‘ini amputatsiya qilinishidan saqlab qoladi. Yaxshi bilasiz, qandli diabet xastaligiga chalinib, u bilan uzoq yillar yashab kelgan bemorlarning ba’zilarida oyoq tomirlarida muammolar paydo bo‘ladi va keyinchalik ularni amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelardi. Ushbu jarrohlik bemorning oyoqlarini, kezi kelganda hayotini asrab qolishiga imkon beradi.


Tanamizda qon tomirlari yetib bormagan a’zo yo‘q. Shuning uchun endilikda qon tomirlari xastaliklari bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlarini ham yo‘lga qo‘yamiz. Moskvada faoliyat yurituvchi shifokorlar ushbu jarrohliklarni amalga oshirish barobarida dispanser shifokorlariga mahorat mashg‘ulotlari ham o‘tmoqda.

Eng yosh jarroh ham shu yerda

Darvoqe, ushbu jarrohlik amaliyotini bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha sharoit yaratilgan, uskunalar keltirilgan. Kardiojarroh Ikrom Mallayev bilan birga Moskvada amaliyot, tajriba orttirib kelgan 7 nafar mutaxassislar operatsiyalarda qatnashmoqda. Viloyatdagi eng yosh jarrohlardan biri, 27 yoshli Ilhom Hamidov ham shu kunlarda yurak ritmi buzilishi bilan bog‘liq operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Samarqand tarixida ilk bor, shunday murakkab tibbiy amaliyotni amalga oshirayotgan shifokorlar jurnalistlarga intervyu berishda shunchalik hayajonlanishdiki, ayniqsa, mikrofon qarshisida gapirishdan keskin bosh tortishdi.

«Jarrohlik bo‘lsa, har qanday vaziyatda tayyormiz, ammo mikrofonga gapirish…» deya bosh chayqab qo‘yishadi bu qahramonlar. Yuzlab odamlarning hayotini saqlab qolishga bel bog‘lagan, Moskvada aniq ish joylaridan voz kechib, yurtdoshlarimizga ko‘mak beramiz, deya kelgan bu shifokorlar haqiqatan ham qahramonlarga mengzagulik.

Gulruh Mo‘minova.