Samarqand tumanida fuqaroni 8,5 ming dollar evaziga Koreyaga jo‘natishni va’da qilgan firibgar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.K. fuqaro Q.H. va E.A.larga Janubiy Koreya davlatiga ishlash uchun yuborishni va’da qilib, 8 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan A.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

"Hurmatli fuqarolar, agarda Siz xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lsangiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Bu bilan Siz nafaqat o‘z xavfsizligingizni ta’minlagan bo‘lasiz, balki kafolatlangan mehnat sharoitlariga ham ega bo‘lasiz", deyilgan Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabarida.