Samarqand tumanida soliq organining ma’muriy bayonnomasi bekor qilindi

Samarqand tumani ma’muriy sudi tomonidan fuqaro M.Ch.ga nisbatan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, fuqaro M.Ch.ning xatti-harakatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomati mavjud emasligi bois harakatdan tugatilgan.

Ish holatlariga ko‘ra, Samarqand tumani DSI xodimlari tomonidan 2019 yil 3 oktyabr kuni umumiy ovqatlanish shaxobchalari, to‘yxonalar va boshqa tungi klublarda konsert-tomosha faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanuvchi fuqarolarni aniqlash va ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan tadbir davomida M.Ch. tumandagi to‘yxonalardan birida litsenziyasi bo‘lmagan holda san’atkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida xulosaga kelinib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida fuqaro M.Ch. litsenziyasi mavjudligini, qonunga xilof ravishda san’atkorlik bilan shug‘ullanmaganligini bayon etgan bo‘lsa-da, DSI xodimlari fuqaro M.Ch.ga nisbatan bo‘lgan ishni harakatdan tugatish o‘rniga, to‘plangan hujjatlarni fuqaro M.Ch.ga nisbatan jazo tayinlash masalasini ko‘rib chiqish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborgan.

Sud majlisi davomida aniqlanishicha, fuqaro M.Ch.ning 2019 yil 30 oktyabr kuniga qadar amal qiluvchi konsert-tomosha faoliyatining 6-reytingi bo‘yicha to‘y, yubiley va boshqa tantanalarda konsert-tomosha xizmati ko‘rsatish huquqini beruvchi litsenziyasi mavjud bo‘lgan.

Shu bois ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish harakatdan tugatilgan.

Bundan tashqari, Samarqand tumani DSI boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiritilib, bu kabi xato va kamchiliklar takrorlanmasligi chora-tadbirlarini ko‘rish, fuqaro M.Ch.ga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirgan xodimlarning xatti-harakatlarini o‘rganib, ular tomonidan qonunbuzarlik aniqlangan taqdirda tegishli jazo chorasi qo‘llash masalasi qo‘yilgan.

Z.KARIMOV,

Samarqand tumani ma’muriy sudi raisi.