Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?

Tarixda jahon tamadduni, jumladan, ma’naviyati va ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mamlakatlar va xalqlar soni u qadar ko‘p emas. Bu borada so‘z ketganda Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Saudiya, Misr, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Angliya, Germaniya, Rossiya davlatlari safida O‘zbekistonimiz va o‘zbek xalqining ham muborak nomi tilga olinadi, albatta.

Chunki bizdan kamida Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Farg‘oniy, Hakim Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahror, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulqodir Bedil, Boborahim Mashrab kabi buyuk siymolar yetishib chiqqan. Ular bashariyatning hozirgi yuksak taraqqiyotga erishuvi yo‘lida o‘z zamonida yelka tutib bergan ulug‘ shaxslar hisoblanadi.

Shunday ekan, tabiiy bir savol tug‘iladi: xo‘sh, aql-tafakkur, ilm-fan, ma’naviyat-ma’rifat bobida bunday oliy maqomlarga erishgan buyuklar qayerda o‘qigan? Ularga kim ta’lim bergan?

Bu savolga javob topib-topmasimizdan yana bir mantiqiy masala o‘rtaga tushadi: bizda oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib borganmi, ular qachon paydo bo‘lgan?

Bizda hozirgacha dastlab 1918 yili ish boshlagan O‘zbekiston milliy universitetiga mamlakatimizdagi ilk oliy ta’lim muassasasi sifatida qaraladi. Bunday holda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi paydo bo‘lganiga endigina bir asr bo‘libdi, degan xato va bir tomonlama tasavvur hukmronlik qilib qoladi. Holbuki, yurtimizda faoliyat ko‘rsatgan oliy madrasalar amalda dastlabki oliy ta’lim muassasalari edi.

Albatta, bunda yana bir nozik mulohaza o‘rtaga tushadi. Bu – qadimda ish yuritgan madrasalarimizning diniy ta’lim muassasasi bo‘lgani bilan bog‘liq masala. To‘g‘ri, o‘rta asrlarda har qanday ta’lim muassasasining mafkuraviy, ma’naviy ta’limotini islom ta’limoti tashkil etishi tabiiy edi. Shu bilan birga, madrasalarimizda dunyoviy fanlar xam o‘qitilgan va davrlar o‘tishi bilan ularning ulushi ortib borgan. Samarqandda 1420 yildan faoliyat ko‘rsata boshlagan Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasi bunga yaqqol misol bo‘la oldi.

Xuddi shunday maqomda ish boshlagan G‘arbning o‘nlab universitetlari o‘z tarixini qadimga bog‘laydi va g‘urur bilan: “Biz falon asrning falon yilida tashkil topganmiz”, deb bong uradi. Biz esa hanuzgacha “1918 yildan oliy ma’lumotli bo‘la boshlaganmiz”, deb kamtarlik qilamiz. Vaholanki, tashkil bo‘lish davrini qadimga bog‘laydigan o‘sha G‘arb universitetlari ham aynan bizdagidek shakllanish tarixiga ega.

Yevropaning bugungi kunda eng mashhur bo‘lib ketgan Bolonya (Italiya, XI asrda asos solingan), Oksford (Buyuk Britaniya, XII asrning ikkinchi yarmida asos solingan), Kembrij (Buyuk Britaniya, 1209 yili asos solingan), Sorbonna (Fransiya, Parijda 1257 yili tashkil etilgan, asoschisi – ruhoniy Sorbon), Salerna (Italiya, IX asrda Yevropadagi birinchi tibbiyot ta’lim muassasasi sifatida ochilgan, XI-XIII asrlarda juda mashhur bo‘lgan), Uppsala (Shvetsiya, 1477 yili arxiyepiskop Yakob Ulfson tomonidan tashkil etilgan), Xaydelberg (Germaniya, 1386 yil 18 oktyabrda “Muqaddas ruh” cherkovida ochilish marosimi o‘tkazilgan) universitetlarining barchasi dastlab diniy ta’lim muassasasi bo‘lgan. Davrlar o‘tishi bilan ularda boshqa sohalar, jumladan, tabiiy fanlar o‘qitilishi kengaya borgan. Tan olish kerak, G‘arbda diniy ta’lim muassasasining zamonaviy tushunchadagi universitetlarga aylanish jarayoni to‘xtab qolmagan, muttasil davom etgan va natijada bu qit’a olimlari keyingi asrlarda tabiiy fanlar rivojiga juda ulkan hissa qo‘shgan.

Musulmon Sharqida ham aynan shunday jarayon kechgan. Bunga yurtimizda yuz bergan IX-XII hamda XIV-XV asrlardagi ikki buyuk tamaddun davri yaqqol misoldir. Ammo bu jarayon XVI asrdan e’tiboran orqaga ketdi. Olimlarimiz to‘g‘ri qayd etayotganidek, keyingi asrlardagi urinishlar esa ahvolni o‘nglay olmadi, ob’yektiv va sub’yektiv omillar oldingi yuksak darajalarga yetish imkonini bermadi. Ma’lum ma’noda depsinish va turg‘unlik yuzaga keldi.

Islom olamidagi dastlabki madrasalar arab mamlakatlarida emas, aynan bizning yurtimizda paydo bo‘lgani ham masalaga bir qadar oydinlik kiritadi. Chunki arab olamida faoliyat boshlagan dastlabki madrasalardan biri Qohirada 988 yili bunyod etilgan. Hozirgi Al-Azhar universiteti o‘zini ana o‘sha madrasaning bevosita vorisi hisoblaydi.

Bizdan ko‘p-ko‘p islomiy olimlar yetishib chiqqani uchun ham Yer yuzida “Islom daraxtining ildizlari Arabistonda bo‘lsa ham, shoxlari Movarounnahrda meva berdi”, – degan haqli e’tirof yuradi.

Sohibqiron Amir Temur zamonida madrasalar gullab-yashnash davriga kirdi. Uzoqqa bormay, buni bu buyuk zotdan bizga meros qolgan “Temur tuzuklari”ni varaqlashning o‘zi ham yetarli ma’lumot beradi.

Asarning “Dinu shariat tuzuki” faslida shunday jumlalarni o‘qiymiz: “Noiblarimga har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni... buyurdim. ...Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari, islom dini ilmlari, tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar, deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim” (Temur tuzuklari. – Toshkent: OʻZBEKISTON, 2018. – B.80).

Akademik Bo‘riboy Ahmedovning shu asarda tilga olingan Mir Sayyid Sharif (1330-1414 y.) haqidagi sharhidan bilib olamizki, 1387 yili Sohibqiron Amir Temur jurjonlik bu mashhur olimni Samarqandga olib kelgan va poytaxtdagi o‘zi qurdirgan “Dor ush-shifo” madrasasida dars berishga tayinlagan (qarang: O‘sha asar. – B. 81). “Dor ush-shifo” – “Shifo uyi”, ya’ni kasalxona degani. Mantiqan anglashilib turibdiki, bu madrasada ko‘proq tibbiy ilmlar o‘qitilgan bo‘lishi kerak. Oradan bir asr o‘tib, Alisher Navoiy Sohibqiron Amir Temurdan qolgan shu an’anani davom ettirdi. U Hirotda aynan tibbiy ilmlardan ta’lim beriladigan “Shifoiya” madrasasini qurdirdi. G‘iyosiddin Xondamir Navoiy “Shifoiya” madrasasini qurdirgani va u yerda tibbiyot sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanganini yozadi: “Shifoiya” (madrasasi) ushbu madrasaning (“Xalosiya” madrasasi ko‘zda tutilayapti) g‘arbiy tomonida o‘ta toza va sarishta bir tarzda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda Mavlono G‘iyosiddin Muhammad ibn Mavlono Jaloliddin – ushbu maskanda tibbiy ilmlardan ta’lim berish bilan mashg‘ul” (G‘iyosiddin Xondamir. “Makorim ul-axloq“. – Toshkent: AKADEMNASHR, 2018. – B. 34).

“Temur tuzuklari”ning “Raiyatdan mol-xiroj olish, mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshirish tuzuki” degan faslida Sohibqiron shunday yozadi: “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar...” (Temur tuzuklari. – B. 145).

Madrasalarimizning ayrimlari aynan oliy ta’lim muassasasi bo‘lgani uchun ular “madrasayi oliya” deb yuritilgan. Modomiki, shunday ekan, O‘zbekistonimizdagi ko‘p universitet va institutlar, ana o‘sha ta’lim maskanlarining bevosita vorislari, deb e’tirof etilishi adolatli bo‘lar edi.

Universitetimiz olimlari bu g‘oyani 2001 yildan buyon tinimsiz aytib va yozib kelayapti. Bu fikrni amaliyotga aylantirish borasida ham birmuncha ishlar qilingan. Lekin hali-hanuz muayyan yechimga kelinganicha yo‘q.

Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, tarixchi olim, shoir Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy (1486-1566 y.) o‘zining “Badoye’ ul-vaqoye’” (“Go‘zal voqealar”) asarida Ulug‘bekning Samarqandda bino qildirgan madrasayi oliyasiga mudarris tayinlash bilan bog‘liq bir lavhani tasvirlagan. Unda yozilishicha, hijriy 813, milodiy 1420 yil kuz faslining farahbaxsh kuni madrasa qurilishi nihoyasiga yetgan. Hamma yoq saranjom-sarishta. Olimlar, tolibi ilmlar, qoziyu quzzot, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam bo‘lgan. Barchani bu firdavsmonand madrasaning birinchi mudarrisi kim bo‘lishi masalasi qiziqtirar edi. Mirzo Ulug‘bek to‘planganlarga murojaat qilib “Hamma ilmlarda yetuklikka erishgan kishi madrasaning birinchi mudarrisi bo‘lsin”, – deydi. Shunda odamlar orasidan bir kishi chiqib “Men imtihon topshiraman”, – deya da’vo qiladi. Mirzo Ulug‘bek rahbarligida 90 olim va talaba huzurida imtihon darsi o‘tiladi. Batlimusning (Klavdiy Ptolomey) “Al-majistiy” asari bo‘yicha nihoyatda yuksak ilmiy saviyada o‘tilgan bu imtihon darsi asl mohiyatini faqat Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulug‘bek tushunadi, xolos. Bu o‘z davrining yetuk olimi va mudarrisi Shamsiddin Muhammad Xavofiy edi.

Shunga asosan, Mirzo Ulug‘bek madrasasida dastlabki darsni 1420 yil 21 sentyabrda Shamsiddin Muhammad Xavofiy o‘qigan. Birinchi darsda 90 nafar tolibi ilm qatnashgan. Ma’ruzada Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy ham hozir bo‘lishgan.

Bizningcha, xuddi shu kunni, ya’ni 1420 yilning 21 sentyabrini madrasada o‘quv yilining boshlanish sanasi, deb hisoblash o‘rinli.

Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasi 500 yil davomida turli tarzda faoliyat ko‘rsatib, 1920 yilda uning faoliyati majburan to‘xtatilgan. Ammo keyinchalik oliy pedagogika instituti, pedakademiya, so‘ngra O‘zbek davlat universiteti, hozirda esa Samarqand davlat universiteti sifatida yangi davr, yangi talablar, yangicha yo‘nalishda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, desak, aslo yanglishmaymiz. Ana shu jihatdan, Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasining asl vorisi ekanini e’tiborga olib, uning ta’sis etilish sanasi tarixini ham bu ulug‘vor dargoh boshlangan tarix, ya’ni 1420 yil bilan belgilash masalasini o‘ylab ko‘rish tarixiy haqiqatning qaror topishiga ko‘maklashgan bo‘lardi, deb o‘ylaymiz.

Shuni inobatga olsak, 1420 yildan bu yog‘iga madrasayi oliya faoliyatida muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘zgargani ta’sirida bor-yo‘g‘i 7 yilgina, ya’ni 1920-1927 yillardagina majburiy tanaffus bo‘lgani ayonlashadi.

Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida keltirilishicha, Buxoroda milodiy 937 yili sodir bo‘lgan katta yong‘inda Madrasayi Forjak ancha zarar ko‘rgan. Shunga suyanib, olimlarimiz, Movarounnahrda madrasalar VIII asr oxirida paydo bo‘la boshlagan, xususan, somoniylar davlati gullab-yashnagan IX asr oxiri – X asrda ko‘plab bunday ta’lim maskanlari bunyod etilgan, degan xulosani ilgari suradi. Axir, Samarqand tarixiga oid manbalarning dalolat qilishicha, IX-X asrlarda birgina shu shaharning o‘zida 17 ta madrasa bo‘lgan.

Buyuk adib va alloma Abdurauf Fitrat (1886-1938 y.) “Hind sayyohi bayonoti” asarida hindistonlik sayyohning buxorolik do‘sti tilidan Buxoroda 200 ga yaqin madrasa borligini, ular uch toifaga bo‘linishini aytadi. Keyin oliy toifadagi 33, o‘rta toifadagi 39 madrasaning ro‘yxatini keltiradi, quyi toifadagi madrasalar 100 dan ortiq ekani haqida ham ma’lumot beradi.

Taklifimiz aniq-tiniq: Samarqand davlat universiteti bevosita Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi, demak, unga 1420 yili Mirzo Ulug‘bek tomonidan asos solingan, deb ta’kidlasak, zamonamiz ahli, birinchi navbatda, yosh avlodimiz ko‘ngliga g‘urur bag‘ishlagan, ularni bilim va ma’rifatni o‘rganishga ruhlantirgan, tarixiy adolatni tiklagan bo‘lar edik.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori

 

O‘zA.