Samarqand universitetining yoshi nechada?
Har qanday xalqning asrlar davomida yashab qolishi, davlat barpo etishining asosiy manbai bu ilm-ma’rifatga asoslangan layoqati bilan bog‘liq.
Insoniyat dastlab tabiat hodisalariga, mavjud muhitga moslashishni o‘rgangan bo‘lsa, keyinchalik uni o‘rab turgan makon to‘g‘risidagi bilimlarini boyitdi. Eng buyuk kashfiyotlardan biri yozuv paydo bo‘ldi. Yozuv – insoniyat tarixini o‘zida mujassam etgan yagona va mangulikka daxldor ma’naviy meros hisoblanadi.
Qadim Sharq sivilizatsiyasida bilimlarni umumlashtirib, tahlil qilib o‘rganiladigan va o‘qitiladigan joy – madrasalar jahon madaniyatidagi yana bir ulkan kashfiyot bo‘ldi. Tarixiy manbalarda Markaziy Osiyoda X asrda universitet va oliy ta’limning ilk shakli madrasalar paydo bo‘lgani haqida ma’lumotlar uchraydi.
Islom dini mafkuraviy dunyosida ta’limning dastlabki dargohi masjid hisoblanib, u yerda fan va ta’lim sohasi mutaxassislarining ma’ruzalari tinglangan. Shuningdek, masjidlar qoshidagi maktablarda bepul ta’lim berilgan. X asrda yangicha o‘qish usuliga asoslangan tadrislar paydo bo‘ladi. Ularda yozish bilan birga izoh berish, munozara keng tarqaladi. Bu madrasa institutining keng tarqalishiga olib keladi.
Markaziy Osiyodagi dastlabki madrasalardan biri Buxorodagi Farjak madrasasi X asrda faoliyat yuritgani to‘g‘risida tarixchi Narshaxiy ma’lumot beradi. Asrlar davomida yurtimiz madaniyat markazlarida madrasalar faoliyat olib borgan. Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi 1420 yilda tashkil etilib, ko‘p asrlar davomida oliy ta’lim maskani sifatida faoliyat olib borgan. XX asr boshlaridagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin madrasa mudarris va talabalari yangi davr talablarini qabul qilib, pedagogika kurslari, instituti, universiteti o‘qituvchilari tarkibiga singishib, zamonasining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari bo‘lib yetishgan.
Samarqand davlat universitetining yoshini universitet rektori, professor R.Xolmurodov "Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?" maqolasi asosida 1420 yil, deb xulosa berish mumkin. Chunki yurtimizdagi bilim maskanlari orasida Samarqand davlat universiteti o‘zining tarixiy ildizlariga ko‘ra Ulug‘bek madrasasining davomchisi ekani bilan izohlanadi.
D.YuSUPOVA,
tarix fanlari doktori, akademik.
O‘zA