Samarqand va Lvov o‘rtasida aviaqatnov rejalashtirilmoqda 

Samarqand viloyati hokimligida viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Ukrainaning mamlakatimizdagi elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Ukraina aloqalarining mustahkamlanib borayotgani ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda viloyatda IT Park tashkil etish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va boshqa bir qator sohalar bo‘yicha birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama etildi.

Uchrashuvda elchi janoblari Samarqand bilan o‘zaro birodarlashgan Lvov viloyatirahbari Maksim Kozitskiyning viloyatimiz vakillari Lvovga taklif etilgan taklifnomasini topshirdi.

Shuningdek, Samarqand shahar hokimiga Lvov shahriga taklifnoma taqdim etildi.

Uchrashuvda Samarqand va Lvov shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etildi.

Tomonlar tez fursatda ukrainalik ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida onlayn rejimda samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.