Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari Bolgariyada amaliyot o‘taydi

Bu bugun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda  Bolgariya Respublikasining Varna shahridagi Xalqaro sanoat va aholini tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalardan himoya qilish kolleji o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida belgilandi.

Marosim doirasida ta’lim muassasasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari, doktor P.Sirotin o‘zi vakili bo‘lgan oliy o‘quv yurtining bugungi faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, o‘rganish ob’yektlari va Samarqand Veterinariya meditsinasi instituti bilan  hamkorlik aloqalaridan kutilayotgan natijalar xususida ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bolgariya Respublikasining yirik provinsiyalaridan biri bo‘lgan Varna shahrida joylashgan mazkur kollej ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, Yevropa, Osiyo mamlakatlarining ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.  Mamlakat aholisining 18 foizi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan band. Ta’lim muassasasi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan biotexnologiya va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash borasida hamkorlik qilmoqchi.

Hamkorlik aloqalarida malaka amaliyotida talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilarni stajirovka uchun yuborish, kelgusida xalqaro “O‘zbek-Bolgar-Chexiya markazi”ni ta’sis etish, biotexnologik klaster tarmog‘ini yaratish kabi yirik loyihalar nazarda tutilgan.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.