Samarqand viloyat IIB: Qidiruvda bo‘lgan 516 nafar shaxs ushlandi
2018 yil davomida Samarqand viloyatida jinoyat ko‘chasiga kirgan gumondorlar va qidiruvda bo‘lgan fuqarolarni afv etish, ularni ota-onasi, oilasi bag‘riga qaytarish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Samarqand viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yilda 516 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlanib, ularga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi.
Samarqand viloyat IIB va Samarqand viloyat prokuraturasi hamkorligida joylarda qidiruvdagi shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan suhbat va tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organga kelib, ularning ayblovi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha haqiqatni aniqlashda ko‘maklashish istagini bildirgan 64 nafar shaxsga nisbatan muqaddam qo‘llanilgan qamoq, “munosib xalq-atvorda bo‘lish haqida”gi tilxat ehtiyot choralariga o‘zgartirildi. Ularga nisbatan yuritilgan qidiruv yig‘ma jildlari bekor qilinib, o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi.
Jumladan, 2018 yil davomida insonparvarlik va odillik prinsiplariga asoslangan holda adashib jinoyat yo‘liga kirib qolgan, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etgan 51 nafar (30 nafari ayol, 21 nafari erkak) shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari amnistiya aktlariga asosan tugatildi.
Yil davomida yuqorida qayd etilgan va Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining davlatlararo hamda viloyatlararo hamkorlikda amalga oshirilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 2017 yilning shu davriga nisbatan qidiruvdagi shaxslar 317 nafarga kamayishiga erishildi.
Shuningdek, 2018 yilda boshqa davlatlarda yashirinib yurgan 72 nafar shaxs aniqlanib, O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi.