Samarqand viloyati hokimining qarori

VILOYAT AHOLISINI QISHLOQ XO‘JALIGI HAYVONLARIDA UCHRAYDIGAN YUQUMLI KASALLIKLARDAN MUHOFAZA QILISH HAMDA GO‘SHT MAHSULOTLARINI YETKAZIB BERISH VA SOTISHDA VETERINARIYA VA SANITARIYA TALABLARIGA RIOYA ETILISHINI TA’MINLASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘FRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 28 sentyabrdagi "Respublika aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazib berish va sotish chog‘ida veterinariya-sanitariya talablariga rioya etish to‘g‘risida"gi 379-sonli, 2017 yil 15 martdagi "Davlat veterinariya xizmati tizimida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida"gi 139-sonli (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 11-son, 166-modda), 2017 yil 22 sentyabrdagi "Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 748-sonli (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 38-son, 1057-modda) va Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 30 iyunda 20-15-222/11-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan "Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish" qoidalarida belgilangan talablar ijrosini ta’minlash hamda viloyat aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish, mol so‘yish, go‘sht va go‘sht mahsulotlari tayyorlash va sotishni tashkil etishda veterinariya-sanitariya qoidalariga qatiy rioya qilinishini ta’minlash va jahon bozori talablariga javob beradigan sifatli teri xomashyosini yetishtirish, tayyorlash, go‘sht va go‘sht mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish, go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va mol so‘yish, oziq-ovqat xavfsizligi ustidan doimiy nazorat yuritilishini tashkil etish maqsadida hamda "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6 va 25-moddalariga asosan Qaror Qilaman:

1. Viloyat veterinariya boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi hamda viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasining shahar va tumanlar aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish hamda sotishda veterinariya-sanitariya talablariga rioya etilishini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash yuzasidan takliflari ma’qullansin.

2. Viloyat hokimining o‘rinbosari (Nurqulov), IIB (Toshpo‘latov), favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (Meliyev), davlat soliq boshqarmasi (Axmedov), moliya bosh boshqarmasi (Mirzayev), g‘aznachilik (To‘ychiyev), sog‘liqni saqlash (Jumaniyozov), maktabgacha ta’lim (Sa’dinova), xalq ta’limi (Yuldashev), veterinariya (Toshmurodov) boshqarmalari, DSENM (Boyqobilov), viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi (Allamurodova), bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (Mamadaliyev), shahar va tuman hokimliklari, go‘shtni qayta ishlovchi korxonalar va ixtisoslashgan so‘yish korxonalari rahbarlari mol so‘yish va sotishni tashkil etishda:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 28 sentyabrdagi "Respublika aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazib berish va sotish chog‘ida veterinariya-sanitariya talablariga rioya etish to‘g‘risida"gi 379-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi "Davlat veterinariya xizmati tizimida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida"gi 139-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 11-son, 166-modda);

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi "Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 748-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 38-son, 1057-modda);

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 30 iyunda 20-15-222/11-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan "Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish" qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar.

3. Viloyat veterinariya boshqarmasi (Toshmurodov), shahar va tuman hokimliklari, ixtisoslashgan mol so‘yish korxonalari rahbarlariga:

go‘shtni iste’molga chiqarish uchun mo‘ljallangan hayvonlarni so‘yishni zamonaviy mexanizatsiyalashtirilgan yoki avtomatlashtirilgan asbob-uskunalar bilan jihozlangan bino va xonalari mavjud bo‘lgan veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan ixtisoslashgan so‘yish korxonasida (veterinariya vrachining ruxsati bilan shaxsiy ehtiyoji uchun va majburiy so‘yish bundan mustasno) amalga oshirilishini tashkil etish;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida veterinariya ko‘rigini tashkil etish, veterinariya mutaxassisi tomonidan hayvonlarni so‘yishdan oldingi ko‘rikdan hamda so‘yishdan keyingi ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish uchun talab etiladigan zaruriy shart-sharoitlarni yaratish;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida faqat uy hayvonlari, ya’ni yirik va mayda mol, cho‘chqa, ot, tuya, quyon hamda uy parrandalarining barcha turlari so‘yilishi mumkinligi yuzasidan belgilangan tartibga qat’iy amal qilish, bunda sog‘­lomligi va so‘yishga ruxsat etilganligini tasdiqlovchi, hududdagi veterinariya mutaxassisi tomonidan rasmiylashtirilgan ma’lumotnomasi bo‘lmagan hayvonlar so‘yilishini taqiqlash;

ixtisoslashgan mol so‘yish korxonalarida so‘yilgan hayvonlardan olingan teri xomashyosining to‘liq hisobga olinishi, birlamchi ishlov berilishi hamda hayvon egasiga identifikatsiya qilingan mol so‘yilganligi to‘g‘risida belgilangan shaklda ma’lumotnoma va hayvonning identifikatsiya atributi (elektron identifikatsiyadan tashqari) berilishini ta’minlash topshirilsin.

4. Viloyat hokimining o‘rinbosari (Nurqulov), viloyat IIB (Toshpo‘latov), veterinariya bosh­qarmasi (Toshmurodov), DSENM (Boyqobilov), bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (Mamadaliyev)ga tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda:

so‘yilgan mol go‘shti veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilib, tanasiga maxsus muhr bosilgan holda tegishli ma’lumotnoma (guvohnoma) asosida savdo korxonalari, iste’molchilar va boshqa tashkilotlarga yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;

viloyat hududidagi barcha ixtisoslashgan mol so‘yish korxonalarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, ularga belgilangan tartibda veterinariya-sanitariya xulosasini rasmiylashtirish;

10 kun muddatda hududlardagi go‘sht sotish do‘konlarini xatlovdan o‘tkazish hamda go‘sht va go‘sht mahsulotlari veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan joylarda sotilishini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirilsin.

5. Viloyat IIB (Toshpo‘latov), davlat soliq boshqarmasi (Axmedov), bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (Mamadaliyev) va shahar, tuman hokimliklariga:

dehqon bozorlari hududida go‘sht mahsulotlari bilan savdo qilinadigan do‘konlarda ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida so‘yilgan hamda tegishli ma’lumotnoma (guvohnoma) bilan keltirilgan, veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilgan va so‘yilgan mol tanasiga "Dastlabki ko‘rik" (to‘rtburchak) va maxsus muhr (oval shaklda) bosilgan go‘shtlar sotilishini ta’minlash;

go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosi amalga oshiriladigan rastalarga sovutkich uskunalari o‘rnatish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;

veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan go‘sht mahsulotlarining bozor hududiga kiritilishi va sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ta’minlash;

dehqon bozori pavilonlaridan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan xarid qilingan go‘sht mahsulotlariga belgilangan tartibda ma’lumotnomalar rasmiylashtirib berilishini tashkil etish;

viloyat mol bozorlarida identifikatsiya qilinmagan qishloq xo‘jalik va uy hayvonlari sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

savdo shoxobchalari va bozorlarda go‘sht, go‘sht mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanadigan shaxslar belgilangan tartibda maxsus kiyim kiyishi hamda bir yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi yuzasidan belgilangan veterinariya-sanitariya tartibiga qat’iy amal qilinishini ta’minlash topshirilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 1 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 213-sonli qaroriga muvofiq, go‘sht va go‘sht mahsulotlari tez buziladigan yuklar, ya’ni ular maxsus harorat va sanitariya-gigiyena rejimlariga rioya etish talab qilinadigan yuklar toifasiga kirganligi sababli ixtisoslashtirilgan (furgon, refrijirator va shu kabilarda) avtotransport vositalarida mahsulotlar maxsus taralarga o‘rab joylashtirilgan holda tashilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilsin.

6. Viloyat hokimining o‘rinbosari (Nurqulov), shahar va tuman hokimlariga:

oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini o‘rganish bo‘yicha favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, tuman veterinariya, davlat soliq inspeksiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy bo‘limlari mutaxassislaridan iborat doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi viloyat, tuman, shahar ishchi guruhini tashkil etish;

ishchi guruhlari tomonidan o‘rganish natijalarining har oyda kamida bir marta viloyat hokimi huzurida tanqidiy muhokama etilishini ta’minlash topshirilsin.

7. Viloyat veterinariya boshqarmasi (Toshmurodov), sog‘liqni saqlash boshqarmasi (Jumaniyozov), DSENM (Boyqobilov) shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi va uy hayvonlarini saqlash, identifikatsiya qilish tartibi, so‘yish, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotishda veterinariya-sanitariya qoidalari va ularga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari yuzasidan aholi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirsinlar.

8. Viloyat veterinariya boshqarmasi (Toshmurodov), viloyat DSENM, viloyat IIB bilan hamkorlikda veterinariya-sanitariya qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarga, veterinariya hujjatlarisiz go‘sht qabul qilgan umumiy ov­qatlanish va qayta ishlash korxonalariga nisbatan amaldagi qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda javobgarlik choralari ko‘rilishini ta’minlasinlar.

9. Viloyat teleradiokompaniyasi (Ismatov), "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati (Toshev) va bosh­qa ommaviy axborot vositalariga viloyat aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish va sotishda veterinariya va sanitariya talablariga rioya etilishi yuzasidan davra suhbatlari hamda tanqidiy ko‘rsatuvlar tashkil etish, maqolalar chop etish tavsiya etilsin.

10. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Nur­qulov zimmasiga yuklatilsin.

 

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi  E.Turdimov

Samarqand shahri,

2018 yil 14 noyabr, 711-Q