Kattaqo‘rg‘onda sodir etilgan jinoyat Samarqand viloyati prokurori va IIB boshlig‘i ishtirokida muhokama qilindi

8 mart kuni Kattaqo‘rg‘on shahri “Oq oltin” mahallasida yashovchi Q.B. qaynotasinikiga mehmonga borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan va  mast holatda o‘zaro kelib chiqqan janjal oqibatida qaynotasi va uning ukasini oshxona pichog‘i bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqand viloyati prokurori R.Masharipov, viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, sektorlar hamda korxona-tashkilot rahbarlari, jinoyat sodir etgan fuqaro hamda mahalla faollari ishtirokida ushbu jinoyat muhokama qilindi.

Dastlab shahar IIB Tergov bo‘limi boshlig‘i tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi.

Viloyat IIB boshlig‘i har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir bo‘lishiga tomoshabin bo‘lib emas, balki uni oldini olishga harakat qilishi, mahallada bo‘layotgan noxush holatlarga barcha mas’uliyatni his etgan holda yondashishi lozimligi haqida fikr bildirdi.

Muhokamada ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs, uning yaqinlari hamda jabrlanuvchi tarafga ham so‘z berildi.

Viloyat prokurori joylardagi mahalliy hokimliklar, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik vakillari xonadonlarga borib, mavjud holatlarni o‘rganish barobarida huquqbuzarliklarga imkon beradigan sabab hamda shart-sharoitni o‘rganishi, tahlil qilishi zarurligi haqida gapirdi.

Muhokama yakunida shahar hududida bu kabi jinoyatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli mutasaddilargazarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.