Samarqand viloyatida 70 foizga yaqin ota-ona maktablarning an’anaviy tarzda davom etishiga rozi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning 2020 yil 24 avgust kungi videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘iga asosan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, ota-onalardan so‘rovnoma olish ishlarini tashkil etish maqsadida tumanlarga yuborildi.
25-26 avgust kunlari barcha tuman, shaharlardagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ota-onalaridan so‘rovnomalar olindi.
So‘rovnomada viloyat maktablarida ta’lim oladigan 732 470 nafar o‘quvchilarning 674 530 nafar (92 %) ota-onalari ishtirok etdi va quyidagicha fikrlar bildirildi:
1-savolnoma bo‘yicha maktablar o‘z faoliyatini an’anaviy shaklda sentyabr oyidan tiklashiga 466 671 nafar ota-ona (69 %) ijobiy fikr bildirgan bo‘lsa, 207 859 nafar ota-ona (31 %) o‘qishni boshlamaslik tarafdori ekanligini bildirishdi.
2-savolnoma bo‘yicha maktablar faoliyatini boshlash sanasi bo‘yicha quyidagicha fikrlar bildirildi:
223 277 nafar (33 %) ota-ona 7 sentyabrdan, 205 410 nafar (30 %) ota-ona 14 sentyabrdan, 74 331 nafar (11 %) ota-ona 2 oktyabrdan, 171 512 nafar (25 %) ota-ona pandemiya tugaganidan so‘ng boshlash zarur ekanligini bildirdi.
3-savolnoma bo‘yicha bolasini an’anaviy shaklda ta’lim olishi uchun yuborishga tayyor ota-onalar 477 094 nafar (71 %) tashkil etgan bo‘lsa, 197 436 nafar (29 %) ota-ona onlayn ta’lim tizimini afzal ko‘rishini bildirdi.
4-savolnoma bo‘yicha maktablarda tibbiy niqob taqish talab etilgan taqdirda 652 675 nafar (97 %) ota-ona farzandi niqob taqishiga rozi ekanligini, 21 855 nafar (3 %) ota-ona esa niqob taqtirishga qarshi ekanligini bildirdi.
5-savolnoma bo‘yicha virusdan saqlanishda muhim antiseptik vositasidan farzandi foydalanishini 631 985 nafar (94 %) ota-ona qo‘llab-quvvatladi, 42 545 nafar (6 %) ota-ona esa qarshi chiqdi.