Samarqand xalqaro aeroportida psixotrop moddalar ushlab qolindi

2018 yil 24 dekabr kuni Samarqand xalqaro aeroportiga “Sheremetovo-Samarqand” yo‘nalishida uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi U.N. “yashil” yo‘lakni tanlab, bojxona nazoratidan o‘tayotganda, unga tegishli qo‘l yuki ichida 5 ta konvalyutada, jami 47 dona “Alprazolam” tabletkalari borligi aniqlandi.

Ekspert-kriminalistika ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “Alprazolam” tabletkalari O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga (III ro‘yxat, 6-ilova) kiradi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga ko‘ra, Alprazolammoddasi O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarni turli nomdagi 5 tagacha va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra o‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart.

 

Viloyat bojxona boshqarmasi

axborot xizmati.