Samarqand yangi aeroporti shu yil 1 sentyabrdan ishga tushadi

Samarqand shahrida ayni damda qurilishi jadal olib borilayotgan yangi aeroport 1 sentyabrdan ishga tushadi.

Aeroport qurilishiga xorijiy davlatlardan yetakchi mutaxassislar taklif qilingan: ular aeroportning muhandislik tarmoqlarini qurmoqda.

Yangi aeroport eng zamonaviy xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablari asosida, xususan, pandemiya tajribasini hisobga olgan holda barpo qilinmoqda.

Yangi aeroportning quyidagi xususiyatlari alohida e’tiborga molik:

- soatiga 600+600 kishini kutib olishi/kuzatishi mumkin (oldin 400 kishi edi);

- 4 teleskopik traplar bilan jihozlanadi (avval bo‘lmagan);

- 24 ta samolyot uchun turar joy (oldin 8 ta edi);

- uchish-qo‘nish yo‘lagi katta samolyotlarni qabul qiladi;

- 4 ta kutish zali mavjud bo‘ladi;

- 26 ta yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish nuqtalari (20 ta xalqaro + 6 ta mahalliy);

- onlayn registratsiya (yo‘lovchilar va bagaj uchun alohida);

- zamonaviy xavfsizlik, videokuzatuv va dispetcherlik tizimlari o‘rnatiladi;

- havo ultrabinafsha nurlari lampalari yordamida tozalanadi;

- ekspluatatsiya muddati 15-20 yil;

Ayni damda Samarqand xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi katta o‘lchamli samolyotlarni qabul qilishga moslashtirilmoqda. Yo‘lak 95 foizga qurib bitkazilgan. U ishga tushganidan so‘ng aeroportda “Airbus A-380” dan tashqari, barcha turdagi samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yangi aeroport o‘z imkoniyatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi. Aeroport binosi ochilgan kitob shaklida bo‘lib, uning tomida yulduzlar joylashuviga muvofiq chiroqlar o‘rnatiladi.