Samarqandcha palov qanday tayyorlanadi?

Bugun Samarqand shahridagi teatr maydonida o‘tkazilgan palov va non saylida tomoshabinlar bu taomlar tayyorlanish sirlaridan voqif bo‘ldi.

Viloyat va shahar hokimligi, turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilgan tadbirda yuz turga yaqin Samarqand nonlari namoyish qilindi. Bir nechta qozonda esa o‘zbek milliy oshxonasining shoh taomi – palov damlandi.

Festivalda Samarqandning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan Samarqand nonlari va palov tayyorlash jarayoni, bu ne’matlar bilan bog‘liq an’ana va urf-odatlar namoyish etildi.

Viloyatdagi badiiy va folklor jamoalarning milliy kuy-qo‘shiqlari, marosim va qadriyatlar aks etgan dasturlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar osh tayyorlash jarayonini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini izhor etdi.

– Dunyoning ko‘p shaharlarida bo‘lganman, lekin Samarqandga birinchi marta kelishimdanoq bu qadimiy va go‘zal shahar meng juda yoqdi, – deydi Amerikaning Nyu-York shtatidan kelgan Marsella Xill xonim. –Bugungi festival ham o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyatidan dalolat beradi. Bizda ham palovga o‘xshash taom tayyorlanadi. O‘g‘lim uni maxsus ko‘zaga barcha masalliqlarni solib, pechda pishiradi. Osh festivalida qatnashib bildimki, haqiqiy palov qozonda, umuman o‘zgacha usulda tayyorlanar ekan. Samarqand oshining ta’mi menga juda manzur bo‘ldi.

Festival yakunida Shahzod Jamshedov mahoratli oshpaz deb topilib, birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Asad Boboqulov ikkinchi,  Shahboz Jamshedov uchinchi o‘rinni egalladi.

Eng yaxshi novvoy yo‘nalishida Shokir Boboqulov g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rinlar Nigina Habibova va Shahlo Siddiqovaga nasib etdi.