Samarqandda 11 oyda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari 8,8 foizga o‘sdi
Dastlabki ma’lumotlar tahlil qilinganda, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Samarqand viloyatida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 11134,3 milliard so‘mga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,8 foizga o‘sdi.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining umumiy hajmida savdo xizmatlari 29 foizni (3226,3 milliard so‘mni) tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 519,6 milliard so‘mga oshdi.
Ushbu xizmatlarning eng katta ulushi transport (25,7 foiz) sohasiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, yuqori o‘sish sur’atlari me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlarda (110,2 foiz), aloqa va axborotlashtirish xizmatlarida (109,5 foiz) hamda yashash va ovqatlanish xizmatlarida (108,5 foiz) qayd etildi.
Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2908,6 ming so‘mni, o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 106,6 foizga yetdi. Bunda moliyaviy xizmatlar (152,9 foiz), me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar (107,9 foiz) hamda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (107,2 foiz) yuqori bo‘ldi.
Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati.