Samarqandda 1607 ta madaniy meros ob’yekti bor. Ulardan samarali foydalanyapmizmi?

O‘zbek xalqining umummilliy boyligi hisoblangan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan o‘rganish hamda undan maqsadli foydalanish borasida yurtimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki madaniy meros ob’yektlarimizni dunyo tan olmoqda. Jumladan, Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga, "Boysun madaniy muhiti", "Shashmaqom musiqasi", "Navro‘z", "Katta ashula", "Askiya", "Palov madaniyati va an’analari" Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiqot va targ‘ibot qilish tizimi takomillashtirildi. Bularning hammasi bir tomondan madaniy meros ob’yektlarimizni mukammal o‘rganishga qaratilgan bo‘lsa, boshqa tomondan madaniy meroslarimizni turizm ob’yekti sifatida turistlarga namoyish qilish orqali, ularni tariximiz bilan tanishtirishga qaratilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda 8208 ta ko‘chmas moddiy madaniy meros ob’yekti mavjud bo‘lib, ulardan 4748 tasi arxeologik yodgorliklar, 2250 tasi arxitektura yodgorliklari, 678 tasi monumental san’at yodgorliklari va 532 tasi diqqatga sazovor joylardan iborat. Agar uni viloyatlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, ko‘chmas moddiy madaniy meros ob’yektlarining katta qismi Samarqandga to‘g‘ri keladi. Viloyatimizda 1607 ta ob’yekt ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatida 1468 ta, Buxoro viloyatida 829 ta, Toshkent viloyatida 828 ta madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan.  

2021 yil 6 aprelda Prezidentimizning “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingani bu sohani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Shu paytgacha madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va uni boshqarish Madaniyat vazirligi zimmasida edi. Uning qoshida Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari boshqarar edi. 2018 yilda agentlik negizida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etildi. Ko‘rib turganingizdek, madaniy meros ob’yektlarining egasi boshqa tashkilot, undan foydalanadigan esa turizm qo‘mitasi edi. 2021 yilda qabul qilingan farmon bilan madaniy meros ob’yektlariga egalik qilish ham, uni saqlash va undan foydalanish ham bitta davlat tashkiloti zimmasiga yuklatildi. Yana bir jihat, oldingi tartib bo‘yicha turistlar kelib ko‘radigan ob’yektlarning aksariyat qismi, turistlarga xizmat ko‘rsatadigan infratuzilmalar xususiy mulkka asoslangan bo‘lib, asosan tadbirkorlar qo‘lida edi. Endilikda madaniy meros ob’yektidek muqaddas o‘tmishimiz, qadriyatlarimizni tarannum etuvchi ob’yektlarga yana davlatning egalik qilishi belgilandi.

Shu bilan birga vazirlik o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli. Turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda soha vazirligi bilan, ya’ni yagona Turizm va sport vazirligi bilan kelishiladi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimi tugatilib, o‘rniga Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri lavozimi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati ham qayta nomlanib, Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafar etib belgilandi.

O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining qisqartirish evaziga madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi tashkil qilindi.

Prezidentimiz qarori bilan yangi tashkil etilgan vazirlikka ko‘plab vazifalar belgilandi. Jumladan, moddiy madaniy meros sohasini rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida madaniy meros ob’yektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish lozimligi ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha quyidagi vazifalar belgilangan:

Birinchidan, mamlakatimizda moddiy madaniy meros ob’yektlarining, shu jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalarining saqlanishi va samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida davlat nazoratini amalga oshirish hamda davlat hisobini yuritish. Ushbu ob’yektlarni muhofaza qilish va aholi o‘rtasida ommalashtirish hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida, ushbu jarayonlarni ilmiy tadqiq etish vazifasi ham ustuvorlikni tashkil qilishi qayd etilgan.

Ikkinchidan, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya talablari hamda YuNESKO va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini samarali bajarishni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga alohida ahamiyat qaratish lozim. Bunga erishish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, olimlar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi ham muhim vazifalar sifatida belgilangan.

Uchinchidan, Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolishini ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.

To‘rtinchidan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid chet ellarda saqlanayotgan madaniy boyliklarga befarq bo‘lmagan holda ularni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borishni tashkil qilish kabi keng ko‘lamli vazifalar ham belgilangan.

Mamlakatimiz rahbarining uchta sohani, ya’ni turizm, jismoniy tarbiya va sport hamda moddiy madaniy meros sohasini birlashtirib, Turizm va sport vazirligini tashkil qilinishi, ushbu sohalarning davlat boshqaruviga o‘tilishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, oilalar farovonligini oshirishga olib keladi.

Mamayunus Pardayev,

SamISI professori.

Xonqul Samarov,

Samarqand shahridagi Registon ansambli rahbari.