Samarqandda 172 ta yangi madaniy meros ob’yekti aniqlandi
YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazi 1123 gektar va uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi. Viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, yodgorliklarning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir.
Mavjud ob’yektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy-madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, ulardan 221 tasi shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi. Madaniy meros ob’yektlarining 483 tasi, ya’ni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimovning ma’lum qilishicha, viloyatda 3 ta arxitektura, 169 ta arxeologiya madaniy meros ob’yekti aniqlangan bo‘lib, ularni ro‘yxatga olish uchun Madaniy meros agentligiga yuborilgan. Ayni paytda yodgorliklarni muhofaza qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Sayyohlarni jalb qiladigan madaniy meros ob’yektlari 82 taga yetdi
- Viloyatda sayyohlar eng ko‘p boradigan turistik ob’yektlar 70 tadan ortiq edi, - deydi Z.Nasimov. – Endi esa ularning soni 82 taga yetkazildi. Jumladan, Samarqand shahar So‘fi Roziq mahallasidagi “Mirvafoboy uyi”ni madaniy meros ob’yektiga aylantirish uchun 3,4 milliard so‘mlik ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 800 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Oqdaryo tumanidagi Bahodir Yalangto‘sh masjidida 1,3 milliard so‘mlik, Samarqand shahridagi Registon majmuasida 1,5 milliard so‘mlik, Shohi Zinda majmuasida 500 million so‘mlik, Bibixonim majmuasida 2,3 milliard so‘mlik, Xon Said Imom majmuasida 906 million so‘mlik va Ashratxona maqbarasida 700 million so‘mlik ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Shuningdek, 1405 ta madaniy meros ob’yektlariga muhofaza belgilari o‘rnatilib, Qo‘shrabot tumanida 17 ta, Urgut tumanida 30 ta, Nurobod tumanida, 30 ta Samarqand tumanida 10 ta arxeologiya ob’yekti xatlovdan o‘tkazildi.
Ayni paytda Samarqand shahridagi Saroy Mulk Xonim, Dari Zanjir Mirvafoboy uyi, Qozi G‘ofur madaniy meros ob’yektlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi Qalandarxona masjidida ta’mirlash ishlari davom etayotgan bo‘lsa, Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan Afrosiyob, Qizlartepa, Kofirqala, Qo‘rg‘ontepa, Mo‘minobod mozorqo‘rg‘onlari, Rabinjon, Qoratepa yodgorliklarida ilmiy tadqiqot va qazishma ishlari olib borilmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.