Samarqandda 2019 yilda 6 nafar notarius bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tayotgan anjumanda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, notarial idoralarda korrupsiya bilan bog‘liq holatlarni hamda xodimlarning fuqarolar bilan o‘zaro muomala madaniyatini o‘rganish maqsadida 2019 yilda 90 marta “sirli mijoz” va reyd tadbirlari tashkil etilgan. Ushbu tadbirlarda notarial idora xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan 57 ta kamchilik aniqlanib, 18 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 6 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

- Bugungi kunda adliya boshqarmasi tizimda faoliyat olib borayotgan 333 nafar xodimlarning 30 yoshgacha bo‘lganlari 78 nafarni tashkil etadi, - deydi S.Nuriyev. – Bundan tashqari, boshqarma tizimidagi xodimlarning 114 nafar ayollardan iborat.

Bugungi kunda viloyatda 29 ta yuridik xizmat xodimlari uchun vakant shtat birliklari mavjud.

O‘tgan 2019 yilda viloyat adliya boshqarmasi, tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan kelib tushgan 109 ta qaror loyihalaridan 103 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 6 tasi belgilangan talablarga javob bermaganligi sababli qaytarilgan. Shuningdek, qonunchilik talablariga javob bermaydigan va adliya organlaridan ekspertizadan o‘tmagan 98 ta qaror bekor qilingan.

Viloyat adliya boshqarmasi va tuman shahar adliya bo‘limlari tomonidan 2019 yil davomida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha jami 501 ta takliflar berilgan.

Bundan tashqari, boshqarma tomonidan 237 ta yuridik xizmat xodimlari suhbat asosida ishga qabul qilingan. 175 ta yuridik xizmat xodimi attestatsiyadan o‘tkazilib, 96 nafar yuridik xizmat xodimiga martaba darajalari berilgan.