Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Abxaziyada tartibsizliklar va favqulodda holat. Tramp "Cherchill"ni Oq uyga qaytaradi

🔹 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabrda Donald Trampga hukumatga qaytgan taqdirda Ukraina va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan uchta asosiy bandni o‘z ichiga olgan rejani taqdim etgan edi. Rejaning uchinchi bandi noma’lumligicha qolmoqda. Tramp dastlabki ikki taklifga qiziqish bildirgan, bu prezidentlikka qaytgach, ularni ko‘rib chiqishga tayyorligidan dalolat.

🔹 Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbning aytishicha, Donald Tramp imkon qadar tezroq Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzishga o‘ta xayrixoh. Uning fikricha, Trampning 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasi oldidan kelishuvga erishish mumkin.

🔹 Abxaziyada jiddiy tartibsizliklar: kecha muxolifat tarafdorlari magistral yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan. Mojaro Rossiya yuridik shaxslarining Abxaziyadagi investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi Rossiya bilan kelishuv to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish fonida yuz berdi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

🔹 Eronda ziyoratchilar bilan Karbaloga ketayotgan avtobus halokatga uchradi: qurbonlar va jarohatlanganlar bor.

🔹 AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp davlat kotibi lavozimiga kubalik senator Marko Rubioni taklif qilishni rejalashtirmoqda. Florida shtatidan respublikachi senator Marko Rubio Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qarshi bo‘lgan shaxslardan biri.

🔹 Isroil harbiylarining G‘azo sektori janubidagi Al-Mavasi hududidagi havo hujumi natijasida kamida 11 kishi halok bo‘lgan. Isroil samolyotlari falastinlik qochqinlar joylashgan internet-kafe va chodirlarga zarba bergan.

🔹 Donald Tramp lavozimida qiladigan birinchi ish Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill byustini Oq uyning oval kabinetiga qaytarish bo‘ladi. Chunki u Cherchillni tarixdagi eng buyuk lider deb biladi. Tramp 2016 yilda prezidentlikka saylangach, 2017 yilning yanvarida, inauguratsiyadan so‘ng byustni Oq uyga qaytargan edi. 2020 yilda AQSh prezidentligiga Jo Bayden saylangach, bu byust yana Oq uydan "quvilgan" edi.

🔹 Rossiyada rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlovchi qonun loyihasi Davlat Dumasiga kiritilmoqda.

🔹 Amerikaning Spirit Airlines aviakompaniyasining samolyoti Gaiti poytaxti Port-o-Prens aeroportiga qo‘nayotganda o‘qqa tutilgan. Hodisa natijasida styuardessa tan jarohati olgan. Hodisa mamlakatda yangi bosh vazir qasamyod qilgan kuni sodir bo‘lgan.

🔹 Germaniya politsiyasi Rojdestvo bozorida olomon ustiga yuk mashinasini haydashni rejalashtirgan 17 yoshli Germaniya fuqarosini hibsga oldi.