Samarqandda 300 ta avtobus kredit mablag‘larini to‘lash maqsadida sotib yuborilgan
Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Akobir Ashurov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tashkilot rahbarining jurnalist va blogerlarga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 200 ta avtobus va 195 ta taksi yo‘nalishlari harakatlanmoqda. Shuningdek, 292 ta yo‘nalishda 525 ta avtobus, 2139 ta “Damas” va mikroavtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq transport vositalari o‘z sarf-xarajatlarini qoplamaganligi sababli, 104 ta yo‘nalish faoliyati to‘xtab qolgan.
- O‘tgan ikki yil ichida jamoat transportlari og‘ir ahvolda faoliyat ko‘rsatgan, - deydi Akobir Ashurov. – Yo‘lovchi tashish korxonalari tomonidan 300 ta avtobus kredit mablag‘larini to‘lash maqsadida sotib yuborilgan. Hududlarda aholiga jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tashuvlardan ko‘rilgan zararlarning 30 foizi mahalliy hokimiyatlar tomonidan qoplab berilmoqda. Joriy yilning olti oyida avtokorxonalarga 128.807 million so‘m miqdoridagi zarar qoplab berildi.
Samarqand shahrida transport jozibadorligini oshirish maqsadida Rudakiy, Gagarin, Ali Qushchi, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chalaridagi kabi 8 ta chorrahada “xavfsizlik orolchalari” tashkil etilib, svetofor, yo‘l belgilari o‘zgartiriladi. Shuningdek, 7 ta markaziy ko‘chada faqat jamoat transportlari harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar tashkil etiladi. Bu yo‘laklar dastlab Gagarin va Ibn Sino ko‘chalarida ishga tushadi.
Ayni vaqtda Xitoydan 9 metr uzunlikdagi, suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan 100 ta avtobus keltirish masalasi hal bo‘ldi. Tadbirkorlar bilan kelishilgan holda banklar tomonidan yetarlicha mablag‘ ajratildi. Tez orada shahar hududida 40 ta yo‘nalish qaytadan tashkil etilib, avtobuslar bilan ta’minlanadi. Reja bo‘yicha ularning 8 tasi magistral, 33 tasi bog‘lovchi yo‘nalishlarda harakatlanadi. Eski avtobuslar esa tumanlararo yo‘nalishlarga o‘tkaziladi.
Anjumanda Samarqand shahriga kiruvchi to‘rtta yo‘nalishda avtoshohbekat, xalqaro avtovokzal, shaharda va magistral yo‘llarda joylashgan 930 ta bekat faoliyatini qayta tiklash, ularda joylashgan savdo do‘konlarini boshqa joyga ko‘chirish masalasi haqida ham ma’lumotlar berildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.