Samarqandda 400 ming kishi sentyabrdan oshirilgan pensiya va nafaqa oladi

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 iyulda qabul qilgan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirildi.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 262 470 so‘m;

yoshga doir eng kam pensiyalar — oyiga 513 350 so‘m;

bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa — oyiga 513 350 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 315 030 so‘m miqdorida belgilandi.

Ushbu farmon ijrosini ta’minlashda pensiya jamg‘armasi tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan qayta hisob-kitob ishlari bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangan. Buning uchun pensionerlarimiz pensiya jamg‘armasiga kelishlari yoki qo‘shimcha biror bir hujjat taqdim etishlari shart emas.

Yana bir ma’lumot, karantin vaqtida nogironlik pensiyasi olib turgan nogiron fuqarolarning nogironlik pensiya to‘lovi muddatlari avgust oyida tugaganlar qayta ko‘rikdan o‘tish uchun TMEK ko‘rigiga borishlari shart emas. Ularning pensiya to‘lovlari muddati avgust oyida bir oyga uzaytirib qo‘yildi.

Samarqand viloyatida 400 ming 248 nafar pensiya va nafaqa oluvchi mavjud. Ularga o‘rta hisobda har oyda 294 milliard so‘m xarajat qilinadi. Joriy yilning sentyabr oyida bu fuqarolarimizga oshirilgan miqdordagi pensiya va nafaqalar to‘lab berilishi ta’minlanadi. 

Z.Jo‘rayev,

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi

Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.