Samarqandda 470 mingga yaqin ob’yektning hujjati yo‘q
Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahriddin Aminovning zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirda viloyatda jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan 891 961 ta ko‘chmas mulk ob’yekti mavjud.
- Ko‘chmas mulklarni turlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, yakka tartibdagi turarjoylar jami 688 515 tasi tashkil etadi va uning 687 631 tasi jismoniy shaxslarga, 884 tasi esa yuridik shaxslarga tegishli, - deydi B.Aminov. - Shuningdek, aholi foydalanayotgan tomorqa yer uchastkalari 52 mingdan ortiq. Xonadonlar esa 95 497 ta va uning 89 648 tasi jismoniy, 5 849 tasi esa yuridik shaxslarga tegishli. Yana viloyatimizda 55 940 ta noturarjoy bor.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi «Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyat bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasida kadastr pasportini shakllantirish uchun elektron tarzda viloyat davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallariga 57 330 ta ariza (buyurtma) qabul qilindi. Arizalarning 37 197 tasi ijobiy yakunlandi va 25 milliard 482 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi. 1494 ta ariza to‘lov jarayonida bo‘lsa, 12 370 ta ariza (buyurtma) rad etildi. 6 263 ta buyurtma Davlat xizmatlari markazlari tomonidan bekor qilingan.
Odamlarda dehqonchilik, tadbirkorlik qilish va uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini olishga qiziqish yuqori. Lekin ko‘pincha noqonuniy yo‘llar bilan yer olib berishga va’da berayotgan firibgarlarga aldanib qolishadi. Aslida buning qonuniy yo‘li, yerni sotib olishning tartibi bor.
2022 yil 14 fevralda Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qarori qabul qilingandi. Mazkur qaror asosida 2022 yilda viloyat davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy filiallari tomonidan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun «YERELEKTRON» axborot almashinuv tizimiga 8 440 ta (440,73 gektar) bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga kiritildi.
Savdoga chiqarilgan yer uchastkalarini faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak:
- maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha 3533 ta (150,3 gektar);
- savdo do‘koni sifatida foydalanish uchun 4066 ta (127,8 gektar);
- ishlab chiqarish sohasi uchun 706 ta (159,8 gektar);
- boshqa maqsadlarda 135 ta (2,832 gektar)ni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi qaroriga asosan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkalarini ajratishni kelishish uchun «YERELEKTRON» axborot almashinuv tizimiga 363 ta (400,56 gektar) yer maydoni kiritilgan. Shundan, 286 ta (394,22 gektar) yer maydoni bo‘yicha ijobiy xulosalar olingan va viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilingan. 21 ta (1,92 gektar) yer maydoni rad etilgan va 56 ta (4,42 gektar) yer maydoni jarayonda ko‘rib chiqilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha viloyatimizda o‘tgan yil jami 85 665 ta buyurtma kelib tushgan. Ulardan 60 735 ta buyurtma bo‘yicha qiymati 5 milliard 692 million so‘mlik xizmatlar amalga oshirildi. Shuningdek, 126 ta buyurtma jarayonda va rad etilgan buyurtmalar soni 18 022 tani, DXM tomonidan bekor qilingan buyurtmalar soni 1831 tani, to‘lovi kutilayotgan buyurtmalar soni 4 951 tani tashkil etmoqda.
Prezident raisligida 2022 yil 18 iyulda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan uy-joylarni xatlovdan o‘tkazish, avvaldan fuqaroning foydalanishida bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joyga egalik qilish huquqini tasdiqlash, kadastr hujjati berish va elektron bazaga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Topshiriqqa asosan viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 583 494 ta ob’yekt aniqlandi.
Viloyat davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy filiallarida 2023 yil boshiga ko‘ra 574 732 ta (88 foiz) mavjud arxiv hujjatlari o‘rganib chiqildi. Ushbu xatlovda 534 367 ta (82 foiz) ob’yektlar to‘liq ko‘rib chiqildi. Xatlov natijasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan 16 151 ta (2,76 foiz) ob’yekt «Ko‘chmas Mulk-3» dasturiga kiritildi. Shuningdek, xatlov jarayonida aniqlangan yer yoki binoga nisbatan egalik huquqini tasdiqlovchi hujjati mavjud, ammo davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 48 284 ta (8,27 foiz), haqiqatda umuman hujjati mavjud bo‘lmagan ob’yektlar 469 852 ta (80,52 foiz)ni tashkil etishi aniqlandi.
Fuqarolar ko‘chmas mulk ob’yekti mulkdori ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, cheklanganda yoki bekor bo‘lganda yoxud ko‘chmas mulk ob’yektining huquqiy holati o‘zgarganda bir oy muddatda huquqni belgilovchi hujjatlar bilan ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi lozim. Buning uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona davlat xizmatlari portali orqali, garov xati rasmiylashtirilganda esa ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilishlari zarur.