Samarqandda aholini koronavirusga qarshi emlash uchun qanday tayyorgarlik ko‘rildi?

Viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  boshqarmasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan press-turda keyingi yillarda mazkur tizimdagi keskin o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Xususan, keyingi yillarda ilk bor boshqarma laboratoriyasi yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangani,  Qo‘shrabot tumanidagi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi binosi qurib, foydalanishga topshirilgani, laboratoriyalarga 32 dan ziyod turdagi jihozlar keltirilgani aytib o‘tildi.

Keyingi yillarda Nurobod, Urgut, Ishtixon, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida ham yangi binolar qurib berilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. 2021 yilda sanitariya-epidemiologiya xizmatini tashkil etishda ilmiy yondashuvni kuchaytirishga e’tibor qaratilgan.

2020 yilda amalga oshirilgan sanitariya-gigiyenik amallar tufayli infeksion xastaliklar 42 foizga kamaydi. 10 turdagi yuqumli kasalliklar umuman qayd etilmadi. Xususan, qorin tifi, difteriya, salmonellez, poliomiyelit, meningit, qizilcha kabilar.

Press-konferensiya davomida ta’kidlandiki, endilikda tadbirkorlik sub’yektlariga korxonasining sanitariya-epidemiologik holatiga qarab sifat belgisi beriladigan tajriba joriy etiladi. Tashkilot faoliyatining sanitariya-gigiyena me’yorlariga nechog‘lik rioya qilinishiga qarab, unga «qizil», «sariq» hamda «yashil» rang beriladi. Ushbu belgi 12 oy muddatgacha amal qilib, agar tadbirkor «yashil» rangli belgiga ega bo‘lsa, bir yil davomida muassasada sanitariya me’yorlari bo‘yicha tekshiruv amalga oshirilmaydi. Belgini olish tadbirkorning ixtiyori asosida amalga oshiriladi. Ba’zi holatlardagina ushbu belgini olish majburiy bo‘lishi mumkin. Mazkur rangli belgilar davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona portali orqali pullik asosda olinadi.

-  Viloyat miqyosida aholini emlash uchun 352 ta, shuningdek, ko‘chaga chiqish imkoni bo‘lmaganlar uchun  99 ta ko‘chma brigadalar tashkil etildi, - deydi viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari X.Boymurodov. - Vaksina keltirilishi bilanoq avvalo 65 yoshdan oshgan fuqarolar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim xodimlarini emlashni boshlaymiz. Emlash davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Zamira BALTAYeVA.