Samarqandda antiqa firibgarlik sodir etildi
Sattor Olimov jabrlanuvchi (ism, familiyalar shartli). U nimadan jabrlanganini bilsangiz, “Mahallada duv-duv gap” filmidagi “tinib-tinchimagan odamlar-yey, nimalarni o‘ylab topishmaydi”, degan ibora xayolingizdan o‘tishi tabiiy.
Aslida samarqandlik S.Olimov Toshkent shahrida yashovchi tanishi Abbosga 5 000 dollar qarzini berib yubormoqchi bo‘lgan. Yaxshigina sarmoyani ishonchli qo‘llarga topshirish uchun o‘rtog‘ining yo‘lovchilarni mashinaga o‘tqazuvchi - pasadchiklik qiladigan o‘g‘li Jonibekka qo‘ng‘iroq qiladi.
Muddaoni bilgan Jonibek u duch kelgan taksi haydovchisi ishonchli emasligini aytib, boshqa taksi egasiga ro‘baru qiladi. “Neksiya” rusumli mashina haydovchisiga ishonmay “Lasetti”ning egasiga pulni topshirgan Sattor aka oradan ko‘p o‘tmay “chuv” tushganini bilib oladi. Negaki, bir soatlardan so‘ng haydovchi unga qo‘ng‘iroq qilib, pulni Jomboyda o‘g‘liga topshirganini bildiradi.
- Nega, axir Toshkentga, Abbosga yetkazing degandimku?!
- O‘zingiz telefon qilib, Jomboyda “melkombinat”ning oldida o‘g‘lim turibdi, pulni shunga ber, pochta “otmen” dedingizku.
“Kaptiva”da yetib kelgan Sattor aka aslida nima bo‘lganligini tushunolmay hayron edi. Chindan ham “Lasetti” egasiga o‘zining raqamidan 5-6 marta qo‘ng‘iroq qilingan va gaplashilgan.
Bu qanday bo‘lganligi va pul qayerga yo‘qolganligini ichki ishlar idorasi xodimlari aniqlashdi. Aniqlanishicha, otasining o‘rtog‘i Sattorning Toshkentga 5 ming dollar yuborayotganini bilgan Jonibek bu haqda o‘zining Davron va Anvar ismli tanishlariga xabar beradi.
O‘zaro kelishib olishgach, Davron telefonini “Botu sip” programmasi orqali S.Olimovning qo‘l telefoni raqamiga moslashtirib, haydovchi B.Namozovga qo‘ng‘iroq qiladi. Unga pochta bekor bo‘lganligini aytib, pullarni Jomboy tumanida kutib turgan o‘g‘liga berib qo‘yishini bildiradi.
Sattor akaning o‘g‘li rolini qoyillatib uddalagan Anvarga pulni topshirgan B.Namozov bilan bu haqda yana gaplashib qo‘yishni lozim topadi. Biroq...
Jinoyatni aniqlab, ularni topguncha firibgarlar 5 ming dollarni “jig‘ildon”laridan o‘tkazib yuborishga ulgurishadi.
To‘g‘ri, dastlabki tergov harakatlari davomida firibgarlar o‘zganing ishonib topshirgan va o‘z maqsalari yo‘lida sarflab yuborilgan pullarni qaytarib berishdi.
Sud jabrlanuvchining jinoyatchilarga da’vosi yo‘qligini inobatga oldi. Biroq endi 21 yoshga kirgan Jonibek bunday firibgarlik uchun oldin ham javobgarlikka tortilgan. Ammo to‘g‘ri xulosa chiqarmagan Davron va Anvarga qayta shu ishga qo‘l urgani uchun munosib jazo tayinlandi.
Otabek QODIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi bosh mutaxassisi.