Samarqandda bayram oldidan 11 nafar ayol jazodan ozod qilindi
Jinoyatga jazo muqarrar. Lekin bundan ko‘zlangan maqsad jinoyatchidan o‘ch olish emas, uni tarbiyalashdir. Shafqatsizlik esa hech qachon tarbiya vositasi bo‘lmagan. Shu bois bag‘rikenglik, kechirimlilik xalqimizning o‘ziga xos xislatlaridan. Bu borada ayniqsa, nozik xilqat sanalmish xotin-qizlarga alohida ehtirom ko‘rsatiladi.
Zotan, kishi bilib-bilmay, bexosdan yoki oqibatini tushunmay, huquqiy bilimsizlik oqibatida jinoyat sodir qilib qo‘yishi mumkin. Uning harakatiga albatta qonuniy baho berilib, tegishli jazo tayinlanadi. Biroq uning ota-onasi, oilasi, farzandlari, qarindoshlari chekkan aziyatni hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi.
Insonparvarlik tamoyiliga asoslangan qonunchiligimizda bu masala hisobga olinib, qilgan qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, jazo muddatini o‘tashi davrida o‘rnatilgan tartib-qoidalarini buzmagan, IIB organlari tomonidan ijobiy tavsifnoma berilgan mahkumlarni muddatidan oldin jazodan ozod qilish amaliyoti joriy qilingan.
Xotin-qizlar bayrami oldidan bu amaliyot viloyat sudlari tomonidan 11 nafar ayol kishiga nisbatan qo‘llanilib, muddatidan oldin jazodan ozod qilindi.
Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi IIB 37-sonli manzil koloniyasida 10 nafar mahkum va mahkumalarning ishlari jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida ko‘rildi.
Aniqlanishicha, ozodlikdan mahrum qilingan Sarvinoz Hasanova ushbu manzil koloniyada yana 1 yilu 11 oy 25 kun jazo o‘tashi kerak edi. U jazodan shartli ravishda ozod qilinib, uyiga kuzatib qo‘yildi.
Mahkuma Sojida Qo‘ziyeva yana 7 oy 2 kun ozodlikdan mahrum bo‘lishi kerak edi. Uning jazosi yengilrog‘i bilan, ya’ni axloq tuzatish ishlari bilan almashtirildi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudining navbatdagi sayyor sud majlisi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tashkil etildi. Sud majlisida 5 nafar shaxs, ulardan ikki nafari ayol kishi, muddatidan ilgari jazodan shartli ravishda ozod qilindi.
Jumladan, Nigora Tirkashevaga sodir qilgan qilmishi uchun axloq tuzatish jazosi tayinlangan edi. Jazoning o‘talmay qolgan qismi 1 yil 2 oy 27 kun edi. N.Tirkasheva qilmishidan pushaymonligi, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi inobatga olinib, insonparvarlik tamoyili asosida jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilindi.
Ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan Nuriya O‘rozova ham o‘talmagan 8 oy 24 kunlik jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Endi ular yangidan sog‘lom turmush tarzi boshlash niyatini bildirishdi.
Bunday xayrli tadbirlar davom ettirilmoqda.
Tolib Boyzoqov,
Samarqand viloyati sudi raisining o‘rinbosari.