Samarqandda bir yilda 200 nafarga yaqin yuragida tug‘ma nuqsoni bor bola jarrohlik yo‘li bilan davolandi

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bundan bir yil avval bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limi tashkil etilgan edi. Yangi bo‘limga mutaxassislar xorijdan chaqirildi. Aniqrog‘i, Rossiyaning Moskva shahridagi A.N.Bakulev nomli yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida bir necha yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlarimiz – kardioxirurglar Maqsud Saidov, Ikrom Mallayev, Mirzohid Temirov taklif qilindi.

– Dunyoga mashhur tibbiyot markazida ishlayotgan, xorijda bo‘lsa ham o‘z o‘rnini topgan, obro‘-e’tibor qozongan hamkasblarimizning yurtimizga kelib, ish boshlashiga ko‘pchilik ishonmagan edi, – deydi Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi M.Azizov. – Lekin davlatimiz, Prezidentimiz chet mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz uchun yurtimizda barcha shart-sharoitni yaratib berishga alohida e’tibor qaratayotgani tufayli ham ular taklifni qabul qildi. Qolaversa, har bir inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kamolga yetkazgan yurtiga, xalqiga xizmat qilishi kerak-da. Bizning hamkasblarimiz ham ana shunday vatanparvar, bolalarni yaxshi ko‘radigan shifokorlar. Ular Samarqandga kelishi bilan hokimlik tomonidan uy-joy bilan ta’minlandi. O‘z navbatida bo‘limda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun respublika sog‘liqni saqlash vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan zamonaviy sharoit, imkoniyatlar yaratib berildi. Jumladan, vazirlik ko‘magida 8 turdagi tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ evaziga sun’iy qon aylantirish apparati olib kelib o‘rnatildi.

Buning natijasida markazimizda ilk bor yurakni to‘xtatgan holda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Malakali mutaxassislarimiz hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida bolalarda uchraydigan eng og‘ir turdagi yurak xastaliklarini ham davolash yo‘lga qo‘yildi. Hatto, bemor bolalarning ota-onalarining aytishicha, tuzalishiga umid yo‘q deyilgan bolalar ham markazimizda jarrohlik yo‘li bilan  samarali davolandi. Ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Jizzax viloyatlaridan bunday xastaliklar bilan ko‘plab bolalar keltirildi. Umuman, bir yil davomida markazimizda yurak tug‘ma nuqsoni bor 195 nafar bola operatsiya usuli bilan davolandi.

E’tiborli tomoni shundaki, markazda yurak operatsiyalari 5 kilogramm og‘irlikdagi bemorlardan boshlab qilinmoqda. Mamlakatimizning boshqa bolalar kardioxirurgiyasi markazlarida esa 10-15 kilogramm og‘irlikdagi bemor bolalargina jarrohlik yo‘li bilan davolanadi.