Samarqandda bu yilgi Navro‘z qanday nishonlanadi?
Samarqandda Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligining chora-tadbirlar rejasiga asosan asosiy bayram tantanalari 21 mart kuni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirlar Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i, Ruhobod maydoni, Kamol Ota turk, Orzu Mahmudov va Alisher Navoiy nomli ko‘chalar, Universitet xiyoboni, viloyat musiqali drama teatri maydoni, Qorasuv massivi, Farhod hamda Kimyogarlar shaharchasida o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, viloyatning har bir shahar va tumanida Navro‘z xalq sayillar tarzida keng nishonlanadi.
18 mart kuni Jomboy tumani Qoraqasmoq otchoparida ko‘pkari musobaqasi o‘tkaziladi. Navro‘z – umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan viloyat ochiq turniri g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, bosh sovringa avtomobil topshiriladi.
20 mart kuni Samarqand shahridagi "Mo‘’jiza" amfiteatrida kurash musobaqasi o‘tkaziladi.
Bayram arafasida “Eng obod shahar va tuman”, “Eng obod sektor”, “Eng sarishta mahalla” yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi, g‘oliblar rag‘batlantiriladi va eng munosib hudud tajribasi ommalashtiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar!” shiori ostida keng ko‘lamli “xeshteg” tadbirlari o‘tkaziladi.
Bayram tadbirlari doirasida “Ibratli oila”, “Obod mahalla”, “Namunali maktab”, “Mohir laparchi” nomli ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yordamga muhtoj fuqarolar holidan xabar olinadi.