Samarqandda elektr energiyasi to‘lovlaridan millionlab qarzdor bo‘lgan abonentlar qancha?
Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi bergan ma’lumotda quyidagilar qayd etilgan:
«Elektr hisob» dasturiga ko‘ra, 2019 yil 1 sentyabr holatiga elektr energiyasi iste’moli uchun majburiy to‘lovlardan 1 million so‘mdan ko‘proq qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan abonentlar soni 48 ming 576 tani tashkil qiladi. Ularning qarzdorligi 225 milliard 381 million 700 ming so‘mni yoki elektr energiyasi iste’molidan qarzdorlik miqdorining qariyb 58 foizini tashkil qilgan.
Shuningdek, 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha qarzdor abonentlar soni 26 ming 918 tani tashkil qilib, ulardan undirilmay qolayotgan umumiy qarzdorlik summasi 47 milliard 847 million so‘m.
Qarzdorligi 3 million so‘mdan 5 million so‘mgacha bo‘lgan iste’molchilar soni 10 ming 655 tani tashkil qilib, ularning umumiy qarzdorlik miqdori 41 milliard 253 million so‘m.
Bundan tashqari, viloyatda 5 million so‘mdan 10 million so‘mgacha qarzdorligi mavjud iste’molchilar soni 8 ming 322 tani tashkil qilib, ularning qarzdorligi 57 milliard 85 million so‘m.
Elektr energiyasidan qarzdorligi 10 million so‘mdan ko‘p bo‘lgan abonentlar ham mavjud. Bundaylar soni 2681 tani tashkil qilib, ulardan undirilmay qolayotgan mablag‘ miqdori 79 milliard 195 million so‘m.
Elektr energiyasi iste’moli uchun majburiy to‘lovlardan qarzdor abonentlar soni 314 ming 454 ta, umumiy qarzdorlik miqdori 402,4 milliard so‘mni tashkil qiladi. Shu jumladan, 298 ming 241 nafar aholi 357,2 milliard so‘m, 16 ming 213 ta ulgurji iste’molchilar 45,1 milliard so‘m qarzdor.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu masalaga o‘tkazilgan xatlovlar davomida aniqlik kiritilgan.
Xususan, byuro xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xatlov jarayonida 2018 yilda ta’minotchi korxonalar tomonidan tabiiy gaz iste’moli uchun 47 ming 663 ta abonent hisobiga 84,5 milliard so‘mlik, elektr energiya iste’moli uchun 27 ming 569 nafar iste’molchilar hisobiga 55,6 milliard so‘mlik, umumiy hisobda 140,1 milliard so‘mlik undirilishi asossiz va umidsiz qarzdorlik hisoblangani aniqlangan.
Joriy yil davomida o‘tkazilgan xatlov jarayonida tabiiy gaz iste’moli uchun 9 ming 933 ta abonentlar hisobiga 34,9 milliard so‘mlik hamda elektr energiyasi iste’moli uchun 87 ming 40 ta abonentlar hisobiga 60,2 milliard so‘mlik asossiz (noreal) qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu aniqlangan 235,2 milliard so‘mlik umidsiz va noreal qarzdorlikni hisobdan chiqarish masalasi ijobiy yechimini topmagan. Shu bois ko‘rsatilgan mablag‘ debitor qarzdorlik tariqasida hisobotlarda hanuz aks etmoqda.