Samarqandda ichimlik suvdan foydalanishda zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi
Samarqand viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasida Samarqand shahrida ichimlik suvi ta’minoti, sifati va xavfsizligini yaxshilashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda sohaga aloqador vazirliklar mutasaddilari, korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab shaharda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. So‘ngra yangi tizimlarni yaratish hamda iqlim o‘zgarishi xavfini baholash bo‘yicha Jahon banki ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
– Biz Samarqandda aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun bir necha yildan buyon izlanishlar olib boryapmiz, – deydi Jahon banki eksperti Xideki Mori. – Samarqand O‘zbekistonning ikkinchi yirik shaharlaridan biri sifatida yuqori turistik va iqtisodiy salohiyatga ega shahar. Keyingi 40 yil ichida aholining ikki barobarga o‘sishi prognoz qilinar ekan, shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelaveradi. Bu borada Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan "Cho‘pon ota" va "Dahbed" suv omborlaridagi 172 ta quduq imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarur. Shuningdek, tadbirda ichimlik suvidan unumli va samarali foydalanishning zamonaviy usullariga oid tushunchalar berildi.
Aziz QURBONOV.