Samarqandda ichimlik va oqova suv tariflari o‘zgaradi(mi?)

“Samarqand suv ta’minoti" MChJ ichimlik suvidan qariyb 2 milliard so‘m sof foyda olgan, oqova xizmatlaridan 26 milliard so‘mdan ko‘proq zarar ko‘rgan.

Oqibatda korxonaning modernizatsiya ishlariga bir so‘m ham sarflanmagan. Shu bois ichimlik suvi narxini oshirish taklif qilinmoqda.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan sessiyasida “Samarqand suv ta’minoti" MChJ direktori K.Yusupovning “2021-2023 yillarga mo‘ljallangan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturi”ga kiritilayotgan loyihalar hamda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari tariflari yuzasidan taqdimoti o‘tkazildi.

Unda qayd etilishicha, bugungi kunda viloyatimizda 1 metr kub ichimlik suviga Samarqand shahrida iste’molchi aholidan 980 so‘m, ulgurji iste’molchilardan 2000 so‘m, boshqa shahar va tumanlarda iste’molchi aholidan 680 so‘m, ulgurji iste’molchilardan 1200 so‘m to‘lov undiriladi.

Shuningdek, 1 metr kub kanalizatsiyaga iste’molchi aholi uchun 550 so‘m va yuridik iste’molchilar uchun 950 so‘m tariflar qo‘llaniladi.

Mazkur tariflarni qo‘llagan holda 2020 yilning birinchi yarim yilligida ichimlik suvi bo‘yicha 30 milliard 613 million so‘m daromad olingan. Uning 28 milliard 689 million so‘mi xarajatlarga sarflanib, 1 milliard 924 million so‘m sof foyda olingan.

Ko‘rsatilgan oqova xizmatlari bo‘yicha esa 7 milliard 69 million so‘m daromad olinib, 33 milliard 386 million so‘m xarajat hisoblangan. Oqibatda birinchi yarim yillik 26 milliard 317 million so‘m zarar (rentabellik darajasi  -500,3 foiz) bilan yakunlangan.

Amalga oshirilgan xarajatlar asosan ish haqi, elektr energiyasi, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar uchun amalga oshirilib, joriy va kapital ta’mirlash ishlariga juda kam miqdorda mablag‘ ajratilmoqda, korxonani modernizatsiya qilish ishlariga umuman mablag‘ ajratilmagan.

Ya’ni, amaldagi tariflar orqali olinayotgan daromadlar korxonaning kundalik majburiy to‘lovlari uchun ham yetmayapti. Amalda esa eskirgan tarmoqlar va inshootlarni yangilash, nasoslarni energiyani tejovchilariga almashtirish kabi muhim vazifalar turibdi.

Shu bois korxona daromadini va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tariflar, ya’ni narxni o‘zgartirish takliflari ishlab chiqilmoqda.

Sessiyada bildirilishicha, takliflar tegishli tartibda navbatdagi sessiya muhokamasiga kiritiladi.