Samarqandda ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi
Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra respublika Davlat byudjeti doirasida markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari hisobidan amalga oshiriladigan suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi tasdiqlandi.
Manzilli dasturga asosan Samarqand viloyatining qator hududlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanadi. Jumladan, umumiy quvvati 150,9 kilometr uzunlikda bo‘lgan 34 ta ob’yekt quriladi. Buning uchun davlat byudjetidan 69050,5 million so‘m sarflanib, 2019 yil yakuni bilan 33 ta loyiha to‘liq ishga tushiriladi.
Masalan, Nurobod tumanidagi “Xazormali” mahallasi hududidagi “Olg‘a” aholi punkti ichimlik suv tizimi (15,2 km), Samarqand shahrida qurilayotgan tramvay yo‘lini kesib o‘tuvchi oqova suv quvurlari (3,8 km), Narpay tumani “Islomobod” mahallasi oqova suv tizimi (3,6 km), Jomboy tumani markazi oqova suv tizimini qurishning 2-bosqichi (3,0 km) amalga oshiriladi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi 20 ta ko‘chaning ichimlik suv tizimini rekonstruksiya qilishning 2-bosqichi (8,1), Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Ko‘rpa” ichimlik suv inshootini rekonstruksiya qilish (4,2 km), Oqdaryo tumani “G‘o‘lba”, “Paxtaobod” va “Zarafshon” aholi punktlari ichimlik suv tizimini qurish (4,7 km), Bulung‘ur tumani “Kaptarxona” mahallasi hududidagi “Bolg‘ali” aholi punkti va “Mug‘ol”, “Erganakli” mahallasidagi aholi punktlari ichimlik suv tizimini qurish va rekonstruksiya qilish (3,5 km) kabi loyihalar bo‘yicha ishlar olib boriladi.