Samarqandda jami 366 ta avtobus o‘z yo‘nalishlarida harakat qilishni boshlaydi
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 8 iyunidan "sariq" va "yashil" hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berildi.
Jumladan, «qizil» hududlar sirasiga kirgan Urgut, Past Darg‘om va Payariq tumanlaridan boshqa viloyatning barcha shahar va tumanlarda jamoat transporti faoliyati qayta tiklandi.
- Viloyat bo‘yicha «sariq» va «yashil» hududlarda faoliyat yuritadigan 147 ta jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘lib, hozircha ulardan 122 tasiga xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjavov. – Mazkur yo‘nalishlardagi avtobuslarning 30 foizi, ya’ni 366 tasi o‘z yo‘nalishida aholiga yo‘lovchi tashash xizmati ko‘rsatishni boshlaydi. Shuningdek, Samarqand shahri "qizil" hududdan "sariq" hududga o‘zgartirilgani sababli avtotransport vositalari (stikersiz), mototransport (skuter) va velosiped harakatiga 06:00 dan 22:00 ga qadar harakatlanishga ruxsat berildi.
Avtobusda yo‘lovchi tashishda quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilish talab etiladi:
- avtokorxona tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda to‘liq dezinfeksiya qilish;
- haydovchilarni tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan ta’minlash hamda ularni muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borish choralarini ko‘rish;
- avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yo‘lovchilarni kiritish.
Yo‘nalishsiz taksilar:
- yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silishi;
- barcha yo‘lovchilar tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi);
- yo‘lovchilarni avtotransport vositasi salonining orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi;
- avtotransport vositasi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hududda harakatlanishi;
- haydovchi maxsus kombinizonda tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi shart;
- avtomobil texnik ko‘rikdan, haydovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shart.
Shu bilan birgalikda sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilishi lozim.
Viloyat transport boshqarmasining mutaxassislari ushbu talablarga rioya etilishini nazorat qilib boradi. Yo‘lovchilardan esa karantin talablariga qat’iy amal qilish va ijtimoiy masofani saqlash so‘raladi. Jamoat transportida karantin talablarini buzish tegishli ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahri, Samarqand, Oqdaryo, Toyloq, Jomboy tumanlari “sariq”, Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi, Narpay, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Bulung‘ur, Qo‘shrabot tumanlari “yashil”, Pastdarg‘om, Payariq, Urgut tumanlari esa “qizil” toifadagi hududlar hisoblanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.