Samarqandda jamoat transportining ahvoli qay darajada? Yo‘lovchilar nimadan norozi? Yaqin kunlarda sohada qanday yangiliklar bo‘ladi?
Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov shu kabi savollarga batafsil javob berdi.
Bugungi kunda viloyatdagi 18 mingdan ziyod transport vositalarining 567 tasini avtobus, 178 tasini mikroavtobuslar tashkil etadi. Ular 277 ta yo‘nalishda aholiga xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, 80 ta avtobus, 7 ta mikroavtobus va 136 ta yo‘nalishli taksilar shahar atrofida, 19 ta shaharlararo, 7 ta viloyatlararo yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashimoqda.
O‘tgan yili tadbirkorlar tomonidan 111 ta avtobus va 27 ta mikroavtobus xarid qilindi. Shuningdek, Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish banki tomonidan ajratilgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan 6 ta elektrobus olib kelindi. Samarqand shahrida 43 ta yangi yo‘nalishlar tarmog‘i tashkil etilib, 10 tasiga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi hamda 6 tasi bo‘yicha brutto shartnomasi imzolandi. Bo‘stonsaroy va Ibn Sino ko‘chalarida 11 kilometr masofada alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilgach, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi 41 foizga yetkazildi. Yil davomida 102 million nafar aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatildi.
Joriy yilda shahrimiz mehmonlari va sayyohlarga sifatli transport xizmati ko‘rsatish maqsadida shaharning tarixiy obidalariga olib boruvchi 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, “Temiryo‘l vokzali – Konigil turizm qishlog‘i”, “Amir Temur maqbarasi – "Boqiy shahar" turizm markazi” “Amir Temur maqbarasi - xalqaro aeroport”, “Amir Temur maqbarasi – Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi” kabi shahar ekspress yo‘nalishlari, “Amir Temur maqbarasi – Imom Buxoriy ziyoratgohi” shahar atrofi ekspress avtobus yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Samarqand shahridagi 240 ta avtobus bekatidan dastlabki 40 tasiga LED monitorlari o‘rnatilib, avtobus qatnovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoritib boriladi. Yil davomida 94 ta elektrobus xarid qilinib, yana 157 ta avtobus bekatlari hamda 5 ta avtovokzal qurilib, rekonstruksiya qilinadi.
Jumladan, Cho‘ponota maskani hududidagi 4,6 gektar yer maydonida “SXF-Camping” MChJ tomonidan 50 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy avtoshohbekat qurilishi yakuniga yetkaziladi. To‘rtta avtoboshbekat tashkil etiladi. 3,8 gektar yer maydonida elektrobuslarni saqlash uchun avtosaroy quriladi.
Amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida yil davomida 114 million nafar yo‘lovchiga sifatli va arzon jamoat transporti xizmati ko‘rsatilishiga erishiladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
***
Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.