Samarqandda kuniga 13-15 ming kishi emlanmoqda
Yurtimizdagi mavjud epidemiologik holat inobatga olingan holda, respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand viloyatida ham 18 yoshdan katta bo‘lgan aholini o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlash ishlari olib borilmoqda.
– Sog‘liqni saqlash vazirligining COVID-19 ga chalingan va sog‘aygan kishilar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlarida Samarqand viloyatida kasallanish holatlari Toshkent shahri va viloyatidan keyin yuqoriligicha qolayotgani barchamizga yaxshi ma’lum, – deydi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Adham Bahromov. – Shuning uchun ham viloyatimizdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, 18 yoshdan oshgan aholini ommaviy emlashga ruxsat berishni so‘rab respublika komissiyasiga murojaat qilgandik va bu masala hal etildi. O‘tgan hafta ikkinchi yarmidan boshlab, viloyatimizda ommaviy emlash jarayonlariga kirishildi. Aholi o‘zlari yashab turgan joydagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga borib, vaksina olmoqda. Shu paytgacha emlash jarayonlariga belgilangan toifadagi kishilar jalb etilib, viloyat bo‘yicha kuniga 5300-5500 ta vaksinatsiya ishlari bajarilgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 13-15 mingni tashkil etmoqda. Emlashda asosan o‘zbek va xitoy olimlari tomonidan yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan foydalanilmoqda. Ushbu vosita kasallikka qarshi kuchli immunitet hosil qilishi tufayli samarasi yuqori bo‘layotganini mutaxassislarimiz alohida qayd etmoqda. Bundan tashqari, yurtimizda emlash uchun ruxsat berilgan va viloyatimizga ajratilayotgan boshqa vaksinalardan ham foydalanyapmiz.
Emlash jarayonlari bilan birga viloyatda aholi orasida koronavirusga chalingan fuqarolarni erta aniqlash va davolashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, endilikda tuman va shaharlardagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari bilan birga ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ham aholi koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirishi imkoniyati yaratildi. Samarqand shahrida esa viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda bo‘limiga qo‘shimcha ikkita poliklinikada bu ish amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bemorlarni statsionar davolash uchun hozir mavjud 339 o‘rinli ikkita maxsus shifoxonaga qo‘shimcha ravishda o‘tgan yil foydalanilgan 500 o‘rinli sport majmuasidan foydalanish choralari ko‘rilmoqda.
Ayni paytda ushbu xastalikka qarshi kurashish va undan samarali davolanishning yo‘li vaksinatsiya jarayoni ekanligi inobatga olinib, aholi o‘rtasida emlashda faol ishtirok etish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.