Samarqandda millionlarga sotilgan loyiha yoxud boshlanmasdan tugagan kinofilm

E’lon
“Samarqand shahrida ilk marotaba 7 yoshdan 70 yoshgacha o‘tkir syujetli “Qabr” filmiga kinokas­ting!
Shoshiling, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang!
Manzil: Past Darg‘om tumani madaniyat bo‘limi zali”.

Past Darg‘om tumani Juma shahridagi madaniyat bo‘limi binosida va odamlar gavjum maskanlarda osilib, quyisida murojaat etish uchun telefon raqamlari ko‘rsatib qo‘yilgan ushbu e’lon katta-kichikni birdek qiziqtirib, ham shoshirib qo‘ydi. Qiziqtirgani – viloyatlarda bunaqa kasting-pasting­lar hadeganda bo‘lavermaydi-da! Shoshirgani – o‘rin tugab qolishi mumkin.
Axir, bu yerlik aholi ham boshqalar kabi kinolarda suratga tushishni, kerak bo‘lsa tanilishni istaydi. Ayniqsa, e’lon internet tarmoqlari orqali ham tarqalgach, nafaqat pastdarg‘omliklar, balki qo‘shni tuman va viloyatliklarning ham e’tiborini tortdi. Ko‘cha-ko‘yda va maktablarda ham kun mavzusi shu bo‘ldi. 
“Sen toqqa borolmasang tog‘ o‘zi keladi”, deganlari shu-da, mana tayyor imkoniyat. Qolaversa, suratga olinishi rejalashtirilayotgan film rejissyori – Rahim Rahimov poytaxtdan kelgan, bir qancha filmlarda mahoratli rollar ijrochisi ekan. Qo‘lida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yangiyo‘l shahar Kengashi Yosh rejissyorlar to‘garagi rahbari” degan guvohnomasi ham bor. 
E’lon ilinganiga hech qancha vaqt o‘tmay, tuman madaniyat bo‘limining eshigi yopilmay qoldi. Turli yoshdagi, kinoda rol o‘ynash orzu­sidagilar kelib, omadlarini sinab ko‘rishar edi. Rahim dastlab ularga shu kungacha olgan filmlari haqida ma’lumot berar va lavhalarini qo‘l telefoni orqali ko‘rsatar edi. So‘ng endi olinishi kutilayotgan “Qabr” filmi, voqealar rivoji, qahramonlar obrazi, qayerda olinishi, muvaffaqiyati xususida to‘lib-toshib gapirardi. Ayniqsa, uning keng qamrovliligi, bir emas 5 nafar bosh qahramon va katta-kichik yoshdagi yordamchi qahramonlar obrazidan iboratligi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi, kastingdan o‘tib, ilinib qolishga ishonch tug‘dirdi. 

Bosh qahramonga munosib nomzod
– O-oo, siz mening bosh qahramonimga juda mos kelasiz! – dedi bosh va o‘rtancha barmoqlarini bir-biriga qasirlatarkan Rahim Rahimov o‘zini Shahruz Imomov deb tanishtirgan, baland bo‘yli, 26 yoshli yigitga. So‘ng uning atrofidan obdon aylandi, bo‘y-basti, qomatini, ust-boshini ko‘zdan kechirib, so‘zida davom etdi. – Faqat kinoga tushish uchun 1 200 AQSh dollari  to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Kastingni talabi shunday, birinchidan, rolga tashqi ko‘rinish va ijro eta olish jihatidan mos kelish, ikkinchidan, har kim o‘z roli uchun ketadigan sarf-xarajatni o‘zi to‘lash. Bosh qahramon bo‘laman deganlar juda ko‘p (stol ustidagi ism-shariflar, telefon raqamlarning ro‘yxati tushirilgan qog‘ozga ishora qildi), xarajatiga ham tayyor, faqat ularning tashqi ko‘rinishi to‘g‘ri kelmayapti. Bu kinoda mashhur aktyorlar ham o‘ynashadi, ular bilan tanishib, tanilib ketasiz. Vaqt qisqa, kechgacha o‘ylab ko‘ring. 
So‘ng eshikka qarab qichqirdi:
– Navbatdagi ishtirokchi! Kiring!
Shahruz kastingdan og‘zi qulog‘ida chiqdi. 
– Atigi 1 200 ekan-ku, bitta sotkani narxi, ot bilan tuya bo‘larmidi, kinoga tushganim qoladi, – dedi xayolida. – O‘zi zerikib yurgandim shu kunlarda, s’yomka bilan ancha vaqt chalg‘iyman.
Shu o‘yda uyidan kerakli miqdordagi pulni olib, Rahimga keltirib berdi. 
– Mana bu boshqa gap, bosh qahramon o‘rni band bo‘ldi, – dedi Rahim Rahimov yon daftariga bir nimalarni yozarkan. – Yaqinda Toshkentga ketamiz, u yerda mashhurlar bilan suratga tushasiz. Darvoqe, shu yerda oladigan lavhalarimiz uchun hashamatli uy kerak, shu yumushni sizga topshirsam. Qarab yuring, nomzodlar aniq bo‘lishi bilan ishni boshlaymiz.
Bo‘lajak aktyor rejissyoridan topshiriqni olgach, ikkisi eski tanishlardek qaytadan quchoqlashib, xayrlashishdi.
“Quyib qo‘ygandek o‘xshar ekanman”
Shu tumanlik Botir G‘afforov ham kechadan beri uchib yuribdi. Yotsa ham, tursa ham xayolida kino olamiga sayohat. Kimsan taniqli aktyor Yodgor Sa’diyev bilan birga rol o‘ynarmish. Masala pishiq bo‘lishi, rolini boshqa ilib ketmasligi uchun 900 AQSh dollarini to‘lab qo‘ydi. Hademay azim shaharga ketishadi…
– Omadim chopgani shuki ikkinchi bosh qahramonga o‘xshashi va mosi topilmabdi, men quyib qo‘ygandek o‘xshar ekanman, onajon, – deya qayta-qayta volidasini quchardi u. 
Yosh iqtidorlarni izlab…
Tumandagi maktabning 7-sinf o‘quvchisi, voyaga yetmagan Halimjon Samadov ham kinoning ashaddiy ishqibozi. Oynai jahon orqali uzatiladigan biror film yo‘qki, u ko‘rmagan bo‘lsa. Orzusiyam shunga monand – kelgusida mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlaydigan dargohda ta’lim olish. Maktabida o‘tkaziladigan turli adabiy kechalar ham usiz o‘tmaydi, sinf­doshlari bilan sahna asarlari ijro etib turadi.
“Qabr”ga ishtirokchilar saralanayotganini sinf­doshlaridan eshitgan kuni o‘zini qo‘yarga joy topolmadi, dars tugashini sabrsizlik bilan kutdi. Mashg‘ulotlar nihoyasiga yetgach, o‘zidan uch sinf yuqorida o‘qiydigan amakivachchasi Anvar Abdikarimov bilan birga madaniyat bo‘limi sari otlandi. 
– Aslida aynan sizlarga o‘xshash yosh talantlarni kashf etish uchun kelganman bu yerga, – dedi ularni xursand kutib olgan rejissyor. – Qishloqlarda iqtidorlilar ko‘p, ular mehnat va musaffo tabiat bilan uyg‘un ulg‘ayishgani uchun rollarni tabiiy ijro etish qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Faqat kattalar tomonidan to‘g‘ri yo‘naltirilmagani, vaqtida e’tibor berilmagani, shahardan uzoqda yashayotganlari bois hayotda o‘z o‘rnilarini topolmay sarson bo‘lib yurishadi. Siz ana shunday yoshlardansiz, ko‘zlaringizda katta iqtidor uchqunlarini ko‘ryapman, imkonim bo‘lganida bepul qabul qilardim. Ammo bozor iqtisodiyoti bunga yo‘l bermaydi. Xuddi sizlarbop ikki o‘rin qolganu, to‘lov masalasi bor-da…
– Ota-onam yaqinda Rossiyada ishlab keldilar, pullari ko‘p, men uchun ayamaydilar, – dedi Halimjon va meni tanlang, iltimos degandek yalingannamo rejissyorga termuldi. 
– Xo‘p, seni Yodgor Sa’diyevning nabirasi roliga olaman, faqat ro‘yxatga olishim uchun dastlab 300 ming so‘m, keyin s’yomka uchun 150 AQSh  dollari berasan, – dedi Rahim Halimjonga.
So‘ng Anvarga o‘girilib dedi:
– Sen 50 dollar bersang, buni o‘rtog‘i rolida o‘ynaysan. 
Ikki xolavachcha papkalarini qo‘ltiqlab uylariga yugurishdi. Aytganidek, Halimjonning otasi o‘g‘lining ra’yini qaytarmadi, faqat rejissyorni ko‘rishini aytdi. Taklifni eshitgach, Rahim Halimjonga ergashib ularnikiga keldi. Otaga guvohnomasini ko‘rsatdi, ma’lumotlar berdi. Ishonch hosil qilgan ota unga 300 ming so‘mni tutqazdi. Shu kuni Anvar ham aytilgan mablag‘ (50 dollar)ni keltirib berdi.
Uch-to‘rt kun o‘tib Rahim Halimjonni chaqirib, 150 dollarni to‘lashni tezlatishini, aks holda o‘rniga boshqa talabgorni olishini eslatdi. Zum o‘tmay bu to‘lov ham bajarildi…

8 kunda 23 million!
Guvohi bo‘lganingizdek, “Qabr” ko‘pchilikni o‘ziga tortdi. Ishsizlikdan zerikkanlar ham, maktab o‘qituvchilariyu o‘quvchilari ham bir-biridan eshitib,  yetaklashib kelaverishdi. Ularning baxtiga o‘rin ko‘p – bosh qahramonlar, ularning yaqinlari; qimorboz, qimorbozning qo‘riqchisi, nabirasi va uning sinfdoshlari, sinfdoshlarining o‘rtoqlari… Xullas 8 kun davom etgan kastingda 30 nafar fuqaro qatnashib, ulardan 13 nafari, to‘g‘rirog‘i, sarmoyaga hissa qo‘sha oladiganlarning deyarli barchasi tanlab olindi. 
To‘lov miqdori ham rollardagi mavqelariga ko‘ra turlicha bo‘ldi. Yuqoridagilardan tashqari kollej o‘qituvchisi Shodiyor Abdullayev qimorboz roli uchun 1 000 000 so‘m, maktab o‘qituvchisi Aminjon Parpiyev qo‘riqchi roli uchun 800 000 so‘m, Boborahmat Bekov 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘lining bosh rollardan birini o‘ynashi uchun 700 000 so‘m, viloyat Yoshlar teatri aktyori Nuriddin Murodov boyning o‘g‘li roli uchun 400 000 so‘m, 9-sinf o‘quvchisi Dilnoza Mo‘minova nabiraning sinfdoshi roli uchun 150 000 so‘m, 9-sinf o‘quvchisi Shahnoza Jumayeva 150 000 so‘m, 10 sinf o‘quvchilari Akbar Toshov va Muhsin Rahmatov 300 000 so‘mdan, Sattor Roziqov 250 000 so‘m (bular hammasi nabiraning sinfdoshlari rollari uchun!) to‘lashdi.
Xullas, kastingdan o‘tgan (!) jami 13 kishi 23 619 814 so‘m miqdoridagi pullarni qisqa vaqtda, qo‘shqo‘llab “Qabr”ga topshirishdi!
Rekord s’yomka
Nihoyat, intiqib kutilgan kun keldi. 
Jamoa tushdan keyin alohida-alohida bo‘lib avtomashinalarda Toshkent sari yo‘l olishdi. Yo‘l xarajatlari ham o‘zlaridan qop­landi. Kech bo‘lib qolgani uchun R. Rahimovning Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi tanishi – Alinanikida tunashdi. Ertasi kuni poytaxt­dagi “Makro” supermarketining 3-qavatidagi restoranda yig‘ilishdi. Hamma hayajonda, ayniqsa, o‘quvchilar o‘zlariga sig‘maydi, uzoq davom etadigan, qayta-qayta olinadigan lavha jarayonlaridan umidvor. Ular o‘zlari bilan turli-tuman kiyim-kechaklar ham olishgan.
Ammo negadir s’yomka juda qisqa bo‘ldi – atigi 3-4 daqiqa! To‘satdan gastrolga ketib qolgan ekan, shu bois Yodgor Sa’diyev ham kelmadi, uning o‘rniga boshqa aktyor bilan suratga tushishdi. Yana qaytib kelish va’dasi bilan Samarqandga qaytishdi. Filmning qolgan manzaralari viloyatning turli go‘shalari – ko‘ngilochar joylarda, kollej oldida, Botir G‘afforovning tog‘asiga tegishli hashamatli hovlida, Juma shahridagi bilyardxonada olindi…

Xorij uchun 4 800 dollar
Rahim Rahimov baquvvat sarmoyador, bosh rol ijrochisi Shahruz Imomovga yana qo‘ng‘iroq qilib, yoniga tez yetib kelishini, zo‘r yangilik borligini aytdi.
– Hozirgina rahbariyat bilan gaplashdim, filmning davomini xorijda olinglar, degan topshiriq berishdi, bir emas, to‘rtta davlatga ketamiz, – dedi Rahim Shahruzni quchoq ochib kutib olarkan. – Shuning uchun 4 800 AQSh dollari to‘lashingiz kerak bo‘lyapti. Faqat sizni olib ketamiz, qolgan barcha lavhalarni olib bo‘ldik. To‘lov indindan kechikmasligi kerak. Keyingi oy uchib ketamiz.
Rahimning yonidan xo‘p bo‘ladi deb chiqqan Shahruzni bu gal gumonlar chulg‘ay boshladi: “Bir rol uchun 6 000 dollar (avval 1 200 to‘lagan edi), ya’ni 50 million so‘mdan oshiq pul degani. O‘zi shu paytgacha qilinayotgan ishlar ham rostga o‘xshamayapti, taniqli aktyorlarning qorasini ko‘rmadik, bizni qiziqtirish uchun ularning nomini o‘ylab topgani ham aniq. Garchi rejissyor bo‘lmish hozir texnika rivoj­langani, mashhurlarni alohida suratga olib kompyuterda bu qahramonlar bilan bog‘lab yuborishi haqida aytayotgan bo‘lsa-da xatti-harakatlar, jarayonlar ko‘proq soxtalikdan darak berib turardi”. 
Bunday shubhalar shu kunlarda boshqa ishtirokchilarning ham ko‘nglidan o‘tayotgan edi. Toshkentga borib kelgan farzandlaridan s’yomka jarayoni haqida so‘ragan ota-onalar ularning atigi 3-4 daqiqa “rasmga tushishgan”i, mashhur aktyor “kelolmagani” haqida eshitishganida firibgarning tuzog‘iga tushganliklarini anglashgan, tegishli huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qilib ham ulgurishgan edi.
Xuddi shunday Shahruz ham aldanganini, firibgarlik qurboni bo‘lganini sezdi-yu  holat yuzasidan tegishli idoraga arz qildi. O‘z navbatida zarur choralar ko‘rilib, Rahim Shahruzdan pulni olayotgan vaqtda guvohlar ishtirokida qo‘lga olindi.
Qanday jazo tayinlandi?
“Rejissyor”ning asl basharasini ko‘rgan o‘quvchilarimizning ko‘nglidan shu savol o‘tayotgani aniq. To‘g‘rida, jinoyatga jazo muqarrar!
Sud Rahim Rahimovga tergov organi tomonidan qo‘yilgan aybni muhokama qilib, uning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi – firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni takroran qo‘lga kiritish jinoyati deya to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi. Unga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, g‘araz va boshqa past niyatlarda jinoyat sodir etganini inobatga olish bilan birgalikda, aybiga to‘liq iqrorligi va qilgan ishidan pushaymonligi, yoshi, shaxsi, oilaviy sharoiti, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq bartaraf qilinganini hisobga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzalish mumkin deb hisobladi. Xususan, har oylik ish haqidan 20 foiz miqdorida davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
 Nodonlarga nafratingiz ziyodaligidan “Bu jazo unga nisbatan yengil-ku, shuncha qilg‘ilikni qilgan odamni ozodlikdan mahrum etish, yanada og‘irroq jazo tayinlash lozim edi”, deyayotgan bo‘lishingiz aniq. To‘g‘ri Rahim Rahimov egrilik yo‘lini tutdi, bu yo‘lda o‘zgalarning huquqini, ishonchini  poymol etdi. Biroq insonparvarlik tamoyillariga yo‘g‘rilgan amaldagi qonunlarimizda jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi belgilangan. Bundan murod bir tarafdan jabrlanuvchilarning huquqini qisqa vaqtda tiklash bo‘lsa, ikkinchi tarafdan javobgarga oilasi, farzandlari, jamiyatdan ajralmagan holda to‘g‘ri yo‘lga tushishiga imkon berishdir. 

Maqolada keltirilgan ism-familiyalar o‘zgartirilgan. (Maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining saytidan qisqartirib olindi.)

Habibulla ChINIYeV, 
Jinoyat ishlari bo‘yicha 
Past Darg‘om tuman sudining raisi.
Nurxon ELMIRZAYeVA,
“XXI asr” muxbiri.