Samarqandda qaysi ko‘chalar «snos»ga tushgan? Ularga qancha pul ajratilgan?

Eng ko‘p mablag‘ Cho‘ponota massivida joylashgan sobiq “G‘or” restorani orqasidagi 72 gektar yer maydonida turistik ko‘ngilochar majmua tashkil qilish munosabati bilan ko‘chirilishi aniqlangan mulklar uchun sarflangan Bu yerda jami 134 ta ob’yektlarning 56 tasiga 8 milliard so‘mlik kompensatsiya amalga oshirilgan.

Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi «snos»lar uchun ham shunga yaqin byudjet mablag‘lari to‘langan. Jumladan, Ro‘dakiy ko‘chasining Siyob bozorigacha bo‘lgan qismida buzilishga tushgan jami aniqlangan 50 ta ob’yektlardan 20 tasiga 7,5 milliard so‘m, Bo‘stonsaroy ko‘chasining o‘ng va chap tomonida jami aniqlangan 74 ta ob’yektlardan 57 tasiga ham shuncha mablag‘ sarflangan.

Bundan tashqari, Amir Temur ko‘chasida joylashgan sobiq “Alpomish” mas’uliyati cheklangan jamiyat hududidagi jami aniqlangan 112 ta ob’yektlardan 11 tasiga 5,7 milliard so‘m, Narpay ko‘chasining Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha bo‘lgan yo‘l qismini kengaytirish ishlarini amalga oshirish uchun yo‘lning qizil chizig‘iga tushgan jami aniqlangan 205 ta ob’yektlardan 7 tasiga 1,9 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilgan.

Ibn Sino ko‘chasida esa jami 144 ta uy-joylardan 4 tasiga 1,84 milliard so‘m, “Xo‘ja Yusuf Xamadoniy” masjidi atrofida aniqlangan jami 33 ta ob’yektlardan 4 tasiga 1,1 milliard so‘m tovon puli berilgan.

«Snos» uchun eng kam xarajat Abdurahmon Jomiy ko‘chasida amalga oshirilgan. Bu yerda aniqlangan jami 6 ta ob’yektlardan 1 ta mol-mulk egasiga 0,35 milliard so‘m mablag‘ kompensatsiya sifatida berilgan.

Yo.GADOYeV.