Samarqandda shaharsozlik loyihasi asosida yurish va yugurish maxsus yo‘laklari tashkil etiladi
Respublikada viloyatimiz milliy terma jamoa safida sportning dzyudo, milliy kurash, badiiy gimnastika, qizlar badminton jamoasi birinchi o‘rinni egallab kelayotgani, Samarqand shahrining shaharsozlik loyihasi asosida yurish va yugurish uchun maxsus yo‘laklar tashkil etiladi.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida Samarqand viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev ishtirokida o‘tkazilgan “Jismoniy tarbiya va sport sohasiga zamonaviy innovatsiyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish istiqbollari” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib borgan anjumanda endilikda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida doimiy sport musobaqalari o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz rahbarligida 2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektr majlisida aytilgan 5 ta tashabbusning ikkinchi tashabbusi “Yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish” masalalari va boshqarma tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
- Jismoniy tarbiya va ommaviy sport sohasiga innovatsion fikrlaydigan ma’muriy kadrlarni tayyorlash va tanlashni tashkil etish bo‘yicha maxsus dasturlar joriy etiladi, - deydi Sh.Ro‘ziyev. - Yana shuningdek, professionallar, menejerlar, sport tibbiyot xodimlari va psixologlar uchun seminarlar o‘tkazilishi, Sport Management (sportni boshqarish), Sport Leadership (sportda rahbarlik qilish), Sport Administration (sport ma’muriyatchiligi) yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi jahon sport markazlarida tajriba orttirishlari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, 2019-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirishning yangi konsepsiyasi ishlab chiqilgani, bunda to‘garaklar va seksiyalar, “Sport-hayot tarzi” xeshtegi ostida sport va jismoniy tarbiya-ommaviy mavzuli tadbirlar tashkil etilishi aytildi. SPORTS.UZ axborot portali yaratiladi. Bunda dolzarb yo‘nalishlarda-jamoatchilik fikri monitoringi, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri bilan aloqa qilish liniyasini ochiladi, voqealar kalendari, mashqlar organayzeri, aholi faolligi monitoringi olib boriladi. iSPORT mobil tarmoqlari uchun ham sport ilovalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, qishloq, tuman va shaharlarning ehtiyojidan kelib chiqib, 2018-2019 yillarda 16 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida sun’iy qoplamali sport maydonchalari hamda badminton maydonchalarini barpo etish bo‘yicha 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlangan.
Aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga qiziqishini yanada oshirish ishlarini oiladan boshlash kerakligi, bu bo‘yicha televideniyeda maxsus sport sog‘lomlashtirish ko‘rsatuvi tashkil etilishi aytildi.
Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan hamda sport zali mavjud bo‘lgan 795 ta umumta’lim maktablarida qo‘shimcha 4536 ta sport to‘garaklari tashkil qilish orqali 72044 nafar yoshlarni sportga jalb qilish choralari ko‘riladi. Viloyatda mavjud 21 ta BO‘SMlarda qo‘shimcha 282 ta sport guruhlari tashkil etish hisobiga 4676 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga jalb etiladi. Viloyatning olis hududlari va qishloqlarida yoshlar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida 16 ta sun’iy qoplamali futbol maydonchalari 10 ta voleybol, basketbol maydonlari va 2 ta tennis kortini barpo etish orqali qo‘shimcha 22 555 nafar yoshlar sportga jalb etish choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz: Bugungi kunda viloyatimizda jami 5 ming 555 ta sport inshootlari mavjud bo‘lib, ularda 866 nafar trenir-o‘qituvchilar 31 ming 370 nafar yigit qizlarga sport sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Shu bilan birga viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 71 ta nodavlat sport tashkilotlari ham aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb etishga xizmat qilmoqda.
Husan ELTOYEV.