Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda talabalar ko‘chada qolyapti(mi?)

Nimagadir tahririyatimiz joylashgan mahalla o‘qish boshlanishi bilan gavjum go‘shaga aylanadi. Ertalab o‘qishga shoshayotgan va tushdan keyin qaytayotgan talabalarga duch kelasiz. Gap shundaki, mazkur hudud bir nechta oliy ta’lim muassasalariga yaqin bo‘lgani uchun talabalarni ijaraga qo‘yadigan uylar ko‘p. Yo‘lkiraga pul sarflamaslik, darsga o‘z vaqtida yetib borish uchun shu atrofdan ijaraga uy izlovchilar talaygina.

Biz ijodiy guruhimiz bilan Samarqand davlat chet tillar instituti darvozasi yonida ko‘rpa-to‘shaklari bilan turar joy ilinjida o‘tirgan talabalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib turganimizda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassislari kelib qoldi. Bu yerda ular masalaga yechim topish maqsadida boshqarma tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida gapirib berdi.

- Talabalar uchun turar joy topish uchun bot ishga tushirildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi Mehroj Isayev. – Boshqarmamiz tomonidan viloyatda ta’lim olayotgan talabalarga ko‘maklashish maqsadida talabalar va ijarachilarning muloqot maydoni va maxsus bot tizimi @Talabajoy_bot yo‘lga qo‘yildi. Bu talaba va ijarachi o‘rtasida beminnat ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bundan ko‘zlagan asosiy maqsad yoshlarimiz Samarqand shahrida qulay va arzon narxda (hech qanday vositachilarsiz) ijarada yashashi uchun ko‘maklashishdir.

Samarqand davlat chet tillar institutida 10 mingga yaqin talaba tahsil oladi. 2021-2022 o‘quv yilida mazkur oliy ta’lim muassasasiga 3700 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Bugungi kunda institutning bor yo‘g‘i 800 o‘rinli talabalar turar joyi mavjud.

- Talabalarni turar joy bilan ta’minlash eng og‘riqli muammolarimizdan, - deydi SamDChTI prorektori Otabek G‘aybullayev. – Bugun institutimiz bosh binosi yonidagi yotoqxonaga 800 nafar turar joyga o‘ta muhtoj talabalarni joylashtirdik. Yana Gagarin ko‘chasida joylashgan 400 o‘rinli talabalar turar joyi ta’mirlanyapti. Bundan tashqari, shu bino yonidan tadbirkorlar ko‘magida yana bir yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan.

Ha, ayni kunlarda ko‘pgina yoshlarimizni turar-joy masalasi qiynayotgani sir emas. Har yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida yuzaga keladigan mazkur muammo talabalarni bu yil ham chetlab o‘tmayapti.

Bugungi lavhamizdan mas’ullar, tadbirkorlar, ijara uy egalari tegishli xulosa chiqaradi, degan umiddamiz!