Samarqandda test sinovlari yakunlandi: 230 nafar abituriyent qoidani buzdi, 9690 nafari imtihonga kelmadi
2020 yil 12 sentyabr kuni viloyatimizda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari yakunlandi.
Viloyatda 2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari Samarqand shahri hamda Samarqand tumanining to‘rtta hududida o‘tkazildi.
Test sinovlari uchun 6120 ta o‘rin tayyorlanib, joriy yilning 2-12 sentyabr kunlari ikki navbatda o‘tkazildi. Shu kunlari viloyat bo‘yicha jami test topshirishi belgilangan 132 248 nafar abituriyentdan 122 325 nafari testda ishtirok etdi, 9690 nafari noma’lum sabablarga ko‘ra qatnashmadi.
Shuningdek, hududga kirishda 98 nafar abituriyent ta’qiqlangan vositalarni olib kirishga uringani, 14 nafari birovning o‘rniga kirmoqchi bo‘lgani, test jarayonida 115 nafar abituriyent ta’qiqlangan vositalardan foydalangani, 2 nafari birovning o‘rniga kirgani, 1 nafari test materiallariga shikast yetkazgani uchun, jami 230 nafari test sinovlaridan chetlashtirildi. 3 nafar abituriyentning tana harorati 37 gradusdan yuqori bo‘lgani sababli test sinoviga qo‘yilmadi.
Test jarayonida xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida 7 maydonda 14 ta 360 gradusga aylanuvchi hamda 229 ta videokuzatuv orqali doimiy nazorat kameralari o‘rnatildi. Jarayonni onlayn tarzda test2020.uz sayti hamda test2020 mobil ilovasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratildi.
Viloyatda test sinovlari uchun mo‘ljallangan maydonlarda 13-14 senyabr kunlari akademik-litsey abituriyentlari imtihon topshirgan bo‘lsa, 15 sentyabr kuni viloyat xalq ta’limi tasarrufidagi ayrim fanlarga chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarining 5-7-sinflariga test sinovlari bo‘lib o‘tadi. 16 sentyabr kuni Samarqand shahar “Lokomotiv” stadionida Ichki ishlar vazirligining Samarqand akademik litseyi abituriyentlari uchun test sinovlari o‘tkaziladi. 17 sentyabr kuni tana harorati 37 darajadan ortiq bo‘lgani sababli test sinovlaridan chetlatilgan yoki imtihon kuni koronavirus bilan kasallangan abituriyentlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Vohid SIRLIBOYeV,
Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.