Samarqandda tez tibbiy yordam xizmatining o‘ziga yordam kerak
Bu masala o‘tgan hafta viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida muhokama qilinib, mavjud kamchiliklar muhokama qilingan edi. Biroq o‘tgan vaqt mobaynida biror mutasaddi idora va tashkilot kamchiliklarni keltirib chiqargan omillar va bartaraf qilish yo‘llari hamda rejalar haqida munosabat bildirmadi.
Xo‘sh, bugun tez tibbiy yordam xizmati talab darajasidami? Afsuski, bu savolga hozircha “yo‘q”, deyishdan boshqa javob berib bo‘lmaydi.
Tibbiy brigadalar qancha?
Aholi sonidan kelib chiqib, viloyatda 293 ta tez tibbiy yordam brigadalarining bo‘lishi kerak. Ammo bugun ularning soni 261 tani tashkil qiladi. Bundan tashqari, 56 nafar vrach yetishmasligi sababli mavjud 14 ta tez tibbiy yordam brigadalari o‘rniga feldsherlik brigadalari tashkil etilgan. Demak, birgina shu raqamlarning o‘zi hamma qishloqlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatib turibdi.
Yaponiyaning tegishli mutasaddisi bosh egib kechirim so‘raganini ko‘pchilik yaxshi biladi ( bu voqeani ko‘pchilik bilgani uchun batafsil to‘xtalmadik). Lekin viloyatning tegishli mutasaddilari bizda “falon, falon manzillarda tez tibbiy yordam brigadalari yoki feldsherlik brigadalarini tuzish uchun mana bular yo‘q”, deyishdan o‘zlarini tiyib turishibdi.
Mashinalar xizmatga yaroqlimi?
Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida avtomashinalardan foydalanish muddati ham aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, qishloq hududida 7, shaharda esa 8 yil xizmat ko‘rsatgan mashinadan tez tibbiy yordam xizmatida foydalanilmaslik kerak. Bizda-chi?
Tez tibbiy yordam xizmatidagi 15 ta avtomashina 15 yildan, 69 tasi esa 10 yildan va 17 tasi 8 yildan ortiq foydalanishda. Albatta, bu tez tibbiy yordam xizmati sifatiga ta’sir qilmasligi mumkin. Biroq samaradorlikni susaytiradi.
Sharoit va jihozlar yetarlimi?
Tahlillarga ko‘ra, tez tibbiy yordam avtomashinalarining 22 foizi elektrokardiograf apparati bilan jihozlangan. Vaholanki, bu uskuna barcha tez tibbiy yordam avtomashinalarida bo‘lishi shart.
Qo‘shrabot va Narpay tumanlari tez tibbiy yordam brigadalari dori-darmon vositalari hamda bog‘lov materiallar solib yuriladigan maxsus tibbiy sumkalar bilan ta’minlanmagan.
Mutasaddilarning mas’uliyatsizligi tufayli Urgut tumanida 13 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 8 ta, Jomboy, Qo‘shrabot va Past Darg‘om tumanlarida 6 tadan, Narpay tumanida 5 ta tez tibbiy yordam shoxobchalari ta’mirga muhtoj. Achinarlisi, Jomboy, Past Darg‘om, Urgut, Oqdaryo tumanlari tez tibbiy yordam bo‘limlari jiddiy ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
Narpayda 10 ta, Past Darg‘om, Jomboy, Nurobod, Payariq tumanlarida 7 tadan, Kattaqo‘rg‘on tumanida 5 ta, Qo‘shrabot, Urgut va Paxtachi tumanlarida 3 tadan, Ishtixon, Bulung‘ur tumanlarida 1 ta tez tibbiy yordam shoxobchalari ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.