Samarqandda triatlon musobaqasi o‘tkazilmoqda
Avval xabar berganimizdek, Samarqandda triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan ikki yildan buyon an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan mazkur musobaqalarda dunyoning ko‘plab davlatlaridan mohir sportchilar ishtirok etmoqda.
Turnirning dastlabki kunida triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Bahslarda bir necha yosh toifasida erkaklar, ayollar va bolalar sprint, o‘rta va qisqa masofada g‘oliblik uchun bellashdi.
“Silk Road Samarkand” turistik kompleksi bo‘ylab tashkil etilgan ushbu musobaqada Aleksandr Kurishov, Arslon Tursunov, Yegor Yegorov, Alina Hakimova, Irina Jalgudina, Dilnora Xolniyozova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi rahbari V.Mahmudov va boshqa mas’ullar tabrikladi.
Ertaga, 17 sentyabr kuni musobaqaning asosiy tadbirlari o‘tkaziladi. Unda dunyoning 35 davlatidan 2 ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilyapti. Xalqaro turnirning velosiped bosqichi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasidan boshlanib, qadimiy Samarqand shahri ko‘chalaridan o‘tadi.