Samarqandda vafot etgan o‘qituvchining 15 kishi tomonidan kaltaklangani rostmi? Bosh prokuratura aniqlik kiritdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Samarqandlik o‘qituvchi 15 kishi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgani aytilmoqda” sarlavhali maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i bayonot berdi.

2019 yil 20 noyabr kuni soat taxminan 03.40 larda Samarqand shahar Beruniy ko‘chasida fuqaro Djurabek M. (1990 yilda tug‘ilgan, ishchi) sheriklari Doniyer S. (1994 yilda tug‘ilgan, sudlangan, haydovchi) va Muhammad K.lar  (1997 yilda tug‘ilgan, sudlangan, ishchi) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, shahardagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Izzatilo M. bilan hech bir sababsiz janjallashib, janjal vaqtida qo‘l va oyoqlari bilan uni bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazishgan.

Oqibatda Izzatilo M. shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning ma’lumotiga ko‘ra, Izzatilo M.ga “og‘ir yopiq KST, bosh miyaning og‘ir darajali lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Samarqand shahar IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, 2019 yil 23 noyabr kuni Izzatilo M. jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

2019 yil 23 noyabr kuni Djurabek M., Doniyer S. va Muhammad K.lar JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.