Samarqandda “Veterinariya va chorvachilikni 2018-2021 yillarda rivojlantirish istiqbollari” muhokama etildi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Veterinariya va chorvachilikni 2018-2021 yillarda rivojlantirish istiqbollari” mavzuida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda veterinariya sohasini va chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga ilmiy asoslangan innovatsion ishlanmalar natijalarini joriy etish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, veterinariya servis sifatini oshirish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, soha uchun kadrlar tayyorlash hamda mutaxassislarning ish uslublarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z bordi.

- Yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo go‘sht, sut va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida o‘tgan davrda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,5 karra ko‘payganligini qayd etish lozim. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning mustahkam poydevoridir, - dedi O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov - Harakatlar strategiyasi doirasida respublikada qoramollar bosh sonini 13.367 ming boshga, qo‘y va echkilar bosh sonini 22.577 ming boshga va parrandalar bosh sonini 85.616 ming boshga, tirik vaznda go‘sht yetishtirishni 2.556 ming tonnaga, sutni 11.076 ming tonnaga, tuxumni 7.728 mln. donaga va baliq ovlashni 201,5 ming tonnaga yetkazish, 13 ta parrandachilik klasterlari tashkil etish tadbirlari doirasida parrandachilik yo‘nalishida 199 ta loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud va yangi tashkil etilayotgan parrandachilik fermalarini to‘la qiymatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida talab etiladigan ozuqa yer maydonlarini ajratish bo‘yicha   chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, deputatlar sohada alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ayrim masalalarga to‘xtalib, jumladan, qonunchilik bazasini takomillashtirish, mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta’minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish, soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish masalalari yuzasidan fikrlar bildirdilar.

Tadbir so‘ngida bildirilgan takliflar asosida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.