Samarqandda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan suitsid holatlari o‘tgan yilga nisbatan 5 taga oshgan: Ota-onalar o‘z vaqtida farzandiga e’tibor beraolyaptimi?
Oilada farzand dunyoga kelar ekan, har bir ota-ona uning kamoli, orzu-havasini ko‘rishni niyat qiladi. Uning har tomonlama bekamu ko‘st voyaga yetishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi. Ammo mehr va e’tiborni unutadi.
Bugun yoshlar orasida kelib chiqayotgan jinoyatchilik, suitsidlarning aksariyati ota-onalarning ish, pul topish vajidan farzandlariga befarqligi ortib kelib chiqayotgani sir emas. Farzandini dardu tashvishlaridan bexabarligi, ayrim hollarda tarbiyachi-enagalar qo‘liga topshirib, o‘z yumushlari bilan bandligi o‘zlariga ham, jamiyatimizga ham qimmatga tushmoqda.
Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan Samarqand shahridagi 64-sonli maxsus maktab o‘quvchisining o‘z joniga qasd qilishi ming afsuski ota-onalarimizning befarqligi oqibatidir.
To‘g‘ri, ushbu maskanda faoliyat olib borayotgan mas’ullar lozim darajada e’tiborli bo‘lmagandir, ammo marhumning oldin o‘g‘irlik jinoyatini sodir etishigacha va bu maskanga kelib qolishigacha bo‘lgan jarayonda nega sustkashlikka yo‘l qo‘yildi?
Nima uchun ba’zi ota-onalarimiz farzandiga “oqibat”, “diyonat”, “iymon”ning to‘g‘riligini, “xiyonat”, “nonko‘rlik”, “loqayd”likning noto‘g‘ri va millatimizga begona jihatlar ekanligini anglatmayapti, shaxsiy namuna bo‘lmayapti.
Buning natijasida viloyatda birgina voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan suitsid holatlari joriy yilning o‘tgan olti oyida o‘tgan yilga nisbatan 5 taga (33/28) oshganligi bizni ogohlikka chorlamaydimi? Xo‘sh, nima uchun bu kabi holatlar yon-atrofimizda ko‘plab kuzatilyapti, degan savolni o‘zimizga beryapmizmi? Afsuski yo‘q.
Hayotda o‘z joniga qasd qilgan hollarni “bu kasallik”da, deymiz. Ammo hech bir insonni uning ruhiy holatidan qat’iy nazar “suitsidga moyil” deb bo‘lmaydi, negaki, dunyo miqyosida o‘z joniga qasd qilayotganlarning aksariyatini psixologik jihatdan sog‘lom va mehnatga layoqatli kishilar tashkil qiladi.
Shunday ekan buni “bu kasallik”da deyish bema’nilikdan boshqa narsa emas va bu gallyusinatsiyaning turli ko‘rinishida sodir bo‘ladigan holat deyish to‘g‘riroq nazarimizda.
Yana bitta fakt, suitsidni sodir qilganlarning 50 foizdan ortig‘ini oilalilar, 40 foizini turmush qurmaganlar va 10 foizga yaqinidan ajrashganlar tashkil qiladi. Demak oiladagi tarbiya va nazorat muhim ahamiyatga ega ekan.
Shuningdek, rashk, do‘sti, turmush o‘rtog‘i, tanishi, ota-onasi yoki turmushga chiqmoqchi bo‘lgan odami bilan nizoli vaziyat vujudga kelganda, oqibatini bilmay ma’lum bir kishini qo‘rqitib qo‘yish, mol-mulk, turarjoy, meros talashib, muttasil oilaviy nizolar (er-xotin, qaynona kelin, ovsinlar), kutilmagan kuchli ruhiy zarba, moddiy, iqtisodiy yetishmovchilik (ilojsizlik, qarzdorlik), hayotdagi turli muammolar, hayot mazmunini tushunmaslik, turli destruktiv g‘oyalar ta’siriga tushish (kinofilmlar, “ommaviy madaniyat” ta’siri), kamsitishlar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin.
Suitsidentlar jinsi bo‘yicha tahlil qilinganda, voyaga yetmaganlar va 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida xotin-qizlarning salmog‘i o‘g‘il bolalar va erkaklarnikidan 20 foizga ko‘p ekanligi, jamiyatda xotin-qizlar bilan ishlash borasida yangicha yondashuv lozimligidan dalolat. Biror barcha yosh kategoriyalari umumlashganda suitsidentlarning asosiy qismini erkaklar tashkil qiladi.
Suitsidni sodir etadigan “hududi” oilada ekanligi ota-onalar hamda joylardagi mas’ullar tomonidan shu kabi salbiy vaziyatlarni takroran yuzaga kelmasligining oldini olish bo‘yicha aniq, maqsadli amaliy ishlar qilinishi lozimligini belgilab bermoqda.
G‘ofur BOBOBEKOV,
Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i.