Samarqandda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan “konvert” usulida oylik olayotgan 14275 nafar xodim faoliyati rasmiylashtirildi

Qo‘shnim Baxtiyor aka pensiyaga chiqish yoshida. Lekin uni bir muammo qiynayapti. Suvoqchilikda qo‘li gul Baxtiyor aka o‘tgan yillar mobaynida qurilish firmalarida rasman ro‘yxatdan o‘tmasdan, “konvert” usulida maosh olib ishlagan. Demak, o‘z-o‘zidan pensiyaga hujjat rasmiylashtirishda ish haqini ko‘rsatishda chigal vaziyat yuzaga kelyapti. Yaqinda Baxtiyor aka bunday ish tutganidan nadomatda ekanligini aytdi. Darhaqiqat, “konvert” usulida ish haqi olishga rozi bo‘lishning oqibati shunday yakun topadi. Achinarlisi, bundan ishchining o‘zi aziyat chekishi muqarrar.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan norasmiy ishchi-xodimlarni rasmiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha 4437 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan 14275 nafar xodim rasmiylashtirildi.

– Joriy yil boshidan buyon savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan 853 nafar xodim rasmiylashtirildi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrulla Azimov. – Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida esa 8586 nafar xodim ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shuningdek, qurilish korxonalari 417 nafar, qishloq xo‘jaligi korxonalari 4419 nafar ishchi-xodimni rasmiylashtirdi.

Masalan, Samarqand shahridagi “Maxsus suv qurilish invest" MChJ qurilish korxonasi 11 nafar, “Next Construction” mas’uliyati cheklangan jamiyati 6 nafar, “Elegant-Taxi-Servis” transport korxonasi 10 nafar xodimni rasmiylashtirdi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.