Samarqanddagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar 190 ming tonna mahsulot eksport qiladi
Hozirda viloyat miqyosida 538 ming 540 ta dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirmoqda hamda ular tasarrufida 61 ming 840 gektar ekin maydoni bor. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar tomonidan joriy yilda 1 million 147 ming 800 tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, 2020 yil hosili uchun 15 ming gektardagi to‘qsonbosti usulidagi ekindan 216 ming 690 tonnaga yaqin mahsulot olinishi rejalashtirilgan.
Bu ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvarda “Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari yer uchastkasidan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat hokimining 2020 yil 8 fevraldagi qarorida keltirilgan.
Unga ko‘ra, hosildan bo‘shagan 15 ming 300 gektar maydonga takroriy (o‘rtaki) ekinlar joylashtiriladi va 190 ming tonnaga yaqin qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtirilishi rejalashtirilgan. Jami yetishtirilgan 1 milllion 337 ming tonnadan ortiq mahsulotning asosiy qismi aholi iste’moli va ichki bozorga chiqarilsa, 190 ming tonnadan ortiq mahsulotni eksportga chiqarish rejalashtirilgan.