Samarqanddagi iqtisodiy sudlar tadbirkorlar foydasiga 105 milliard so‘mdan ko‘proq undirish haqida sud hujjatlari qabul qilgan
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan brifingda viloyat iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi O.Asatovning qayd etishicha, olti oy davomida iqtisodiy sudlari tomonidan 3573 ta ish mazmunan ko‘rilib, hal etilgan.
Mazkur ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 105 milliard 905 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.
Birinchi instansiyada viloyat va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tomonidan xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan kichik biznes sub’yektlari da’vogarligida 706 ta ishlar ko‘rib chiqilgan. Shundan 635 da’vo qanoatlantirilgan va kichik biznes sub’yektlari foydasiga 38 milliard 505 million so‘m undirilgan.
Joriy yilning 6 oyi mobaynida ko‘rilgan ishlar tahlil qilinganda eng ko‘p kontraktatsiya shartnomasi (954 ta), mahsulot yetkazib berish shartnomasi (622 ta), soliq qarzi bo‘yicha undiruvni soliq to‘lovchining mol-molkiga qaratish (564 ta), bankrot deb e’tirof etish (256 ta), haq evaziga xizmat ko‘rsatish (197 ta), kredit shartnomasi (92 ta), yerga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolar (90 ta) ko‘rilgan.
Qayd etilganidek, tadbirkorlik sub’yektlari Oliy sudning www.supcourt.uz veb-sayti orqali respublikaning istalgan iqtisodiy sudlariga nafaqat da’vo arizalari va iltimosnomalarni, balki apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari, nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi arizalarni ham elektron shaklda taqdim etmoqda. Jumladan, hisobot davrida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan 623 ta da’vo ariza (lar) elektron shaklda viloyat iqtisodiy sudlariga taqdim etilgan.
Hisobot davrida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning 337 nafar vakillari o‘zlari joylashgan hududlardan chiqmagan holda, videokonferensaloqa rejimida o‘zga hududda o‘tkazilgan sud protsesslarida qatnashib, ularning taxminan 50 million so‘m mablag‘lari tejab qolingan.
Iqtisodiy sud sudyalari tomonidan ko‘rilgan har ikkita ishdan bittasi, ya’ni 1799 ta iqtisodiy ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. Barcha ko‘rilgan ishlarda respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 4 milliard 50 milion so‘m davlat boji undirilgan.
Yoqubjon MARQAYeV.