Samarqanddagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun Singapur tajribasidan foydalaniladi

Bu usul qanday samara beradi?

Maorif sohasiga katta sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri Singapurdir. Singapur ilmiy-texnik rivojlanish sohasida jahonda yetakchi mamlakatlardan biriga aylangan va ayni paytda aholisining savodxonligi bo‘yicha ham dunyoda yuqori ko‘rsatkichga ega.

Prezidentimizning joriy yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xalqaro tajriba asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish, o‘quvchilarning aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlariga muvofiq, yurtimizdagi umumta’lim maktablarida Singapur tajribasidan foydalanilyapti.

Jumladan, Samarqanddagi umumta’lim maktablarda ham mazkur tajriba asosida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etilgan bo‘lib, viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari, aniq fanlar va tabiiy fanlar o‘qituvchilari Singapur xalqaro ta’lim dasturlari asosida malakasini oshirmoqda.

Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ayni shu mavzuda tashkil etilgan press-turda soha mutaxassislari batafsil ma’lumot berdi.

– Viloyatdagi 1266 ta umumta’lim maktabida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni o‘tkazish bo‘yicha o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, joriy yilning oktyabr oyidan bu tizim yo‘lga qo‘yildi,  - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozodjon Jangirov. – Jumladan, aniq (matematika va informatika) va tabiiy fanlar (fizika, biologiya, kimyo, geografiya) yo‘ynalishida 17 nafar master-trener, 96 nafar mentor-trener, 2526 nafar yetakchi o‘qituvchi va 10 ming 223 nafar fan o‘qituvchilari jalb etildi. Shunga ko‘ra, tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishida 90 ta  maktabda mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

“Kasbiy rivojlanish kuni” oyning birinchi va uchinchi haftasida, “Kasbiy rivojlanish soati” esa oyning ikkinchi va to‘rtinchi haftasida tashkil etilgan. Har oyning birinchi va uchinchi haftasida singapurlik mutaxassislar viloyatdagi har bir maktabdan kelgan bir nafar yetakchi o‘qituvchilarga ta’lim jarayonidagi o‘z tajribasini o‘rgatadi. Malaka oshirgan yetakchi o‘qituvchilar olgan tajribasini hamkasblariga o‘rgatadi va buni ta’lim jarayonida ham qo‘llaydi. Buning uchun esa ularga oylik maoshining 20 foizi to‘lab beriladi. Mazkur jarayon to‘rt bosqichda amalga oshirilib, hozirda birinchi bosqich davom etmoqda. Ya’ni, oktyabr oyidan martgacha aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari uchun 72 soatlik trening tashkil etiladi.

Press-tur davomida viloyat pedagogik mahorat markazida Singapur ta’lim tajribasini  o‘rganayotgan  o‘qituvchilar bilan ham suhbatlashdik.

- Hozir aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida Singapur tajribasini o‘rganyapmiz, - deydi Toyloq tumanidagi 3-umumta’lim maktabi biologiya fani o‘qituvchisi Dilorom Ibodullayeva. – Jarayonda tabiiy fanlarni o‘qitishda Singapurning “MARSHALL CAVENDISH EDUCATION” o‘quv dasturiga kiritilgan besh bosqichli “5 Ye” moduli bizga manzur bo‘ldi. Jumladan, modulning birinchi zamonaviy jalb qilish bosqichida o‘quvchi ningmavzuga mos muammoli video, rasm, savol yoki jadval bilan e’tiborini tortish va diqqatini darsga qaratish mumkin. Ikkinchi tadqiq qilish bosqichida o‘quvchi yangi mavzuni o‘zlashtirishi uchun qiziqarli topshiriqlar beriladi va mavzuni o‘rtoqlari bilan tadqiq qiladi. O‘qituvchi o‘quvchilarga ilmiy tadqiqot metodlari va mavzuga oid ilmiy tushunchalarni amaliy topshiriq orqali o‘rganishni taklif etadi. Uchinchi tushuntirish bosqichida o‘qituvchi o‘quvchilardan avvalgi bosqichlarda nimani o‘rganganlari va kuzatganlarini tushuntirishni so‘raydi. O‘qituvchi ilmiy tushunchalar mazmunini kengroq yoritib berishi mumkin. O‘quvchilar ilmiy tushunchalarni yaxshiroq o‘zlashtirishlari uchun darsda nafaqat verbal, balki video, audio materiallardan foydalanish maqsadga muvofiq. “5 Ye” modulining to‘rtinchi qo‘llash bosqichida o‘quvchilar tadqiq etish va tushuntirish bosqichlarida o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini notanish vaziyatlarda qo‘llaydilar. Ushbu bosqichda fanlararo integratsiyani ta’minlash maqsadga muvofiq. Tabiiy fanlarni matematika, san’at, texnologiya va boshqa fanlar bilan bog‘liq holda o‘rganish ilmiy tushunchalarni yaxshiroq o‘zlashtirishga imkon beradi va o‘quvchilar ilmiy tushuncha va ko‘nikmalarni yaxshiroq o‘zlashtiradilar. Modulning so‘nggi beshinchi baholash bosqichida o‘quvchilar o‘zini o‘zi baholaydi. Xato va kamchiliklar muhokoma etilib xulosa qilinadi.

Press-tur davomida Samarqand shahridagi 14- va Samarqand tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” jarayonlari bilan ham tanishildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.