Farzandi xalqaro tanlovga borishi uchun kredit olgan farrosh

Yoxud chekka tumanning chekka qishlog‘idagi bir maktab muvaffaqiyati sirlari haqida

 Bu maktabda bizni hayratlantirgan narsalar ko‘p bo‘ldi. Farzandi xalqaro tanlovda qatnashishi uchun xorijga borish xarajatlariga kredit olgan ona, bolalarni yaxshiroq o‘qitish uchun dekret ta’tili vaqtida Toshkentga borib, mental arifmetika kurslarida qatnashgan o‘qituvchi, vazir jamg‘armasidan ustama olgan murabbiy. Keling, bir boshidan boshlaylik.

Zarkentdagi «sir»

Agar bir oiladan bir nechta fan olimpiadasi g‘olibi chiqsa, demak, shu xonadonda ilmga e’tibor kechli, deymiz. Mabodo ular bitta maktabdan yoki bir sinfdan bo‘lsa-chi? Undan ham qizig‘i, bir yo‘nalishdagi olimpiadaning barcha sovrinli o‘rinlarini bitta maktab o‘quvchilari egallasa, nima deymiz? Ha, hayotda shunday bo‘lishi ham mumkin ekan. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan mental arifmetika bo‘yicha xalqaro musobaqada Qo‘shrabot tumanidagi 26-umumta’lim maktabining 5 nafar o‘quvchisi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 

Viloyat markazidan 112 kilometr, tuman markazidan 12 kilometr uzoqlikdagi Zarkent qo‘rg‘onida joylashgan mazkur maktab bir qarashda boshqa ta’lim muassasalaridan farq qilmaydi. Biroq unda mehnat qilayotgan pedagoglar bilan suhbat asnosida maktab o‘quvchilarining muvaffaqiyatlari sirini anglagandek bo‘ldik.

Maktabga ishga kelganimda menga 2-sinf o‘quvchilarini berishdi, - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Rohila Rustamova. - Ochig‘ini aytishim kerak, sinfimda o‘zlashtirishi yomon o‘quvchilar ko‘p edi. Men ularning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini, aqliy rivojlanishini oshirish yo‘llarini qidira boshladim. Yutube’da Rossiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar ta’lim dasturlarini o‘rgandim, ko‘plab pedagogik texnologiyalarni sinab ko‘rdim va oxir-oqibat mental arifmetikada to‘xtaldim. Ammo uni qanday o‘qitishni o‘zim ham bilmasdim. Tuman chetidagi maktabda turib, mental arifmetikani o‘rganish yo‘lini topa olmagach, dekret ta’tili vaqti Toshkentga ketdim va soha mutaxassislaridan saboq oldim. Albatta, natija tezda bo‘y ko‘rsatmadi. Bir yillik mashaqqatli mashg‘ulotlardan keyin o‘quvchilarim nafaqat matematika, balki boshqa fanlarda ham ilg‘orlaganini, iqtidorini namoyon qilayotganini payqadim.

Bu - pedagogning o‘quvchilarni ilm olishga qiziqtirish bo‘yicha rejasidagi birinchi qadam. Ikkinchisi, o‘z ustida ko‘proq ishlagan o‘quvchilarni rag‘batlantirish orqali boshqalarda ham motivatsiya hosil qilish edi. Shu bois u hech ikkilanmay o‘quvchilarini turli tanlov va olimpiadalarga olib bordi. Qirg‘izistonda o‘tkazilgan mental arifmetika bo‘yicha Osiyo musobaqasida uning shogirdlari g‘olib bo‘ldi va Dubaydagi xalqaro musobaqaga yo‘llanma oldi. Voqeaning davomini yuqorida aytib o‘tdik, bir maktabdan besh nafar o‘quvchi va barcha sovrinli o‘rinlar ularga tegishli. Kimdir bu rasmiy olimpiada emas, deyishi mumkin. Ammo 15 davlatdan ishtirok etgan 400 nafar o‘quvchi o‘rtasida birinchi bo‘lish ham oson emas. Ayni kunda Rohila opa o‘quvchilarini yana bir nufuzli xalqaro olimpiadaga tayyorlamoqda.

Gap o‘qituvchilardami?

Mana bir necha yildirki, 9-,10- va 11-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan ona tili bo‘yicha olimpiadaning tuman bosqichida g‘oliblikni shu maktab o‘quvchilari qo‘lga kiritayotgan ekan. Bu ham tasodif emas.

Men bolaligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman. Maqsadimga erishgach, bor bilimim, kuch va g‘ayratimni o‘quvchilarni ilmli qilishga safarbar etdim, - deydi maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Navbahor Qodirova. - Ularning har bir g‘alabasi mening ham g‘alabam. Albatta, dars davomida barcha o‘quvchilarim bilan individual shug‘ullanish uchun vaqt yetmaydi. Shuning uchun darsdan keyin qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tkazaman. O‘quvchilarning tushunmagan mavzusini uyimga kelib so‘rashi ham odatiy holga aylangan. Bir so‘z bilan aytganda, men ularni doimiy izlanishga undayman va bunda shaxsiy namuna ko‘rsatishga harakat qilaman. Yutuqlarimiz shunga yarasha: olimpiadalarda g‘olib bo‘lyapmiz, o‘tgan o‘quv yilida bitiruvchi o‘quvchilarimizning 70 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Qolganlari ham boshqa yo‘nalishlarda o‘zini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Zulxumor Imomova vazir jamg‘armasidan ustama olish uchun o‘tkazilgan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, oylik maoshiga 100 foizlik ustamani qo‘lga kiritgan. Til bilish bo‘yicha turli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchining shogirdlari ham shu yo‘ldan ketishmoqda. Misol uchun, yaqinda uning 8-sinfda o‘qiydigan ikki nafar o‘quvchisi B2 sertifikatini, 11-sinf o‘quvchisi Mushtariy Isroilova bo‘lsa IELTSdan 6,5 ball oldi. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Maktabning yana bir o‘qituvchisi, asli sirdaryolik Otabek Ko‘chimov o‘zi matematik bo‘la turib, IELTSdan 7,5 balni qo‘lga kiritgan ekan. U hozir maktabda o‘z fanidan dars berish barobarida, ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha o‘quv markaziga rahbarlik qilmoqda.

- Ma’lum vaqt poytaxt va boshqa joylardagi maktablarda dars berganman, - deydi suhbatdoshimiz. – Bu maktabga bir kursdoshimning tavsiyasi bilan keldim. Kelib, o‘quvchilarning faolligi va bilimga chanqoqligini ko‘rib, hayratim oshdi. O‘rganib ko‘rsam, buning sababi hududda ota-onalarning farzandlari taqdiriga e’tibori yuqoriligi ekan. Agar ota-ona va o‘qituvchining fikri bir joydan chiqsa, yoshlar albatta, o‘qiydi va maqsadiga erishadi. Bu esa o‘qituvchi uchun eng katta mukofot. Shu bois men ham ayni maktabda qolishga qaror qildim.

Iqtidorlilarni kim qo‘llaydi?

Maktab hayoti bilan tanishish davomida shu narsaga amin bo‘ldikki, bolajonlarning tirishqoqligi hamda o‘qituvchilarning faol va tashabbuskorligi ko‘p jihatdan ota-onalarning ularga xayrixohligidan. Dubaydagi tanlovda ishtirok etish uchun yo‘llanma olgan o‘quvchilardan birining onasi farrosh bo‘lib ishlar ekan. Biz maqolada shaxsini keltirishni joiz deb bilmagan o‘sha qahramon ona farzandining qiziqishini qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatini ishga solgan. Bungacha bolasining Qirg‘izistondagi tanlovga borib kelish xarajatlarini bir amallab ko‘targan ayol bu gal Dubayga borish uchun ketadigan yo‘l xarajatlarini qoplash maqsadida bankdan 15 million so‘m kredit olgan. U shu maktabdagi faol, farzandining o‘qishiga e’tiborli ota-onalardan biri, xolos.

Maqola so‘ngida bizni o‘ylantirgan bir muammo haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Gap shundaki, o‘qituvchilar bilan suhbat chog‘ida maktabda iqtidorli o‘quvchilar juda ko‘pligi aytildi. Biroq har kim ham xorijda o‘tadigan nufuzli tanlov yoki musobaqalarda ishtirok etish uchun mablag‘ topa olmaydi. Hatto biz yuqorida voqeasini keltirgan ona ham farzandining yana bir tanlovda ishtirok etishini «ko‘tara» olmasligini, ayni kunda kredit uchun to‘lov qilayotganini aytdi.

To‘g‘ri, bizda vazirlik tomonidan o‘quvchilarning barcha tanlovlardagi ishtiroki uchun mablag‘ ajratilmaydi. Belgilangan olimpiadalar bordir. Ammo hech bo‘lmaganda, hududlardagi korxonalar yurt kelajagi bo‘lgan bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlashsa, juda chiroyli ish bo‘lardi. Tan olaylik, shunday tadbirkorlar bor, ko‘pkari yo qaysidir o‘yin uchun  millionlab mablag‘ sarflab yuborishadi, albatta, bu ularning ishi. Lekin iqtidorli yoshlarni qo‘llashga kelganda hokim aytmaguncha, hech kimdan tashabbus chiqmaydi. Holbuki, bundan yuz yil oldin aynan bizning yurt tadbirkorlari yosh jadidlarni o‘qitish uchun o‘z hisobidan maktablar qurgan, yoshlarning Germaniya, Angliya, Turkiyadagi o‘quv yurtlaridagi o‘qishi uchun mablag‘ to‘plab berishgan.

Bugun AQShdagi ko‘plab fan tanlovlarida eng yaxshi yutuqlar xususiy kompaniyalar tomonidan qo‘yilayotgan ekan. Boshqa xorijiy davlatlarda ham xususiy sektor yoshlarni rag‘batlantirish uchun katta mablag‘ ajratadi va bu uning manfaatlariga xizmat qiladi. Bizda esa barchasi teskari, «davlat qilsin», degan oson gapni yodlab olganmiz. Ertangi kunimiz bilan ishimiz yo‘q. Kuzatuvlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozir aksar ota-onalar farzandining iqtidorini rivojlantirishdan ko‘ra, unga ketadigan xarajatni kamaytirish uchun ko‘proq bosh qotiradi. Kambag‘allikdan emas bu. Har oy «gap»ga boradigan ona, kunora jo‘rabozlik qiladigan ota shu pulning yarmini farzandining bilimini oshirish, qiziqishini ro‘yobga chiqarish uchun sarflasa, vaziyat butkul o‘zgarar edimi? Xulosa o‘zingizdan.

Anvar Mustafoqulov,

Asqar Barotov.